“Manchester Yunayted” klubi rahbariyati Angliya Premyer Ligasidagi (APL) qoniqarsiz natijalarga qaramay, jamoa bosh murabbiyi Maykl Kerrikni o‘z lavozimida qoldirishga qaror qildi.
Insayder Fabrisio Romanoning xabar berishicha, ingliz klubi mutasaddilari 45 yoshli mutaxassis jamoa bilan muvaffaqiyatga erishishiga hamon ishonmoqda. Shu sababli uning iste’fosi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Rahbariyat xotirjamlikni saqlab, Kerrik va uning loyihasiga to‘liq ishonishda davom etmoqchi.
Ma’lumot uchun, yanvar oyida jamoa rulini o‘z qo‘liga olgan Kerrik “Manchester Yunayted” bilan Angliya Premyer Ligasi bronza medallariga ega chiqdi va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Biroq yangi mavsum starti mankunianliklar uchun omadsiz kechdi. Jamoa dastlabki to‘rt turda atigi 4 ochko (1 g‘alaba, 1 durang, 2 mag‘lubiyat) jamg‘arib, turnir jadvalida 13-pog‘onani egallab turibdi. Manchester derbisidagi mag‘lubiyat vaziyatni yanada og‘irlashtirdi: 23-daqiqadayoq “Siti” futbolchisi chetlatilganiga qaramay, “qizil iblislar” tayyor son ustunligidan foydalana olmadi va 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi.
Mankunianliklar navbatdagi uchrashuvini 17 sentyabrga o‘tar kechasi Angliya Liga Kubogi 3-bosqichi doirasida “Brayton”ga qarshi o‘tkazadi. APL 5-turi doirasidagi “Fulhem”ga qarshi bahs esa 20 sentyabrga belgilangan.













