«Arsenal» «Liverpul»ning yosh vingeri Rio Ngumohaga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda CaughtOffside xabar berdi.
18 yoshli futbolchi qisqa vaqt ichida «Liverpul» asosiy jamoasida o‘zini ko‘rsata olgan. Uning shartnomasi 2028 yilgacha amal qiladi, biroq klub hujumchi bilan yangi uzoq muddatli kelishuv tuzishga intilmoqda. «Arsenal» esa Ngumoha atrofidagi vaziyatni kuzatib bormoqda.
Jurnalist Fabrisio Romano «Arsenal» Ngumohaga qiziqishayotganini tasdiqladi. Shu bilan birga, «Liverpul» hozircha futbolchini sotish niyatida emas. Manbaga ko‘ra, agar yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, londonliklarning qiziqishi yanada jiddiy tus olishi mumkin.
Maqolada, shuningdek, Martin Subimendining «Arsenal»dan ketishi haqidagi xabarlar rad etilgani aytilgan. Ispaniyalik yarim himoyachi jamoa rejalarida muhim o‘rin tutadi va uning yaqin vaqtda «Real»ga o‘tishi kutilmayapti.













