«Chelsi» klub egalari tarkibidagi o‘zgarishlarni rasman e’lon qildi.
Klub hamegalari Todd Bouli va Mark Uolter o‘z ulushlarini avvaldan «Chelsi» aksiyalarining 60 foizdan ziyodiga egalik qilib kelgan Clearlake kompaniyasiga sotdi.
Shu tariqa, Clearlake asoschilari Behdod Egbali va Xose Felisiano klub ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritdi.
Todd Bouli, shuningdek, «Chelsi» boshqaruv kengashi raisi lavozimini tark etadi. Klubning kundalik faoliyati, rahbariyat tarkibi va strategik yo‘nalishida esa o‘zgarish bo‘lmasligi ta’kidlandi.
«Clearlake tanlangan strategik yo‘nalishni davom ettirish va mulkdorlar guruhi belgilab bergan maqsadlarni amalga oshirish niyatida», — deyiladi klub bayonotida.
Bouli va Uolter 2022 yilda «Chelsi»ni Roman Abramovichdan 2,5 milliard funt sterlingga sotib olgan investorlar guruhi tarkibiga kirgan edi.
Keyinchalik har ikki biznesmen va Clearlake o‘rtasida klubni rivojlantirish strategiyasi borasida bir necha bor kelishmovchiliklar yuzaga kelgan.













