«Real» prezidenti Florentino Peres juma kuni Seutaga rasmiy tashrif buyuradi. Bu haqda Marca OK Diario ma’lumotiga tayanib xabar berdi.
Peresga klubning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Emilio Butragenyo hamda «Real»ning faxriy prezidenti, Seutada tug‘ilgan Xose Martines Pirri hamrohlik qiladi.
Tashrif davomida «Real» rahbari Seuta avtonom shahri prezidenti Xuan Xesus Vivas bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Peres klubning shahar bilan hamjihatligini shaxsan bildirib, uni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, 30 iyul kuni Marokashdan 70 mingdan ortiq migrant Ispaniyaning Seuta yarimeksklavi hududiga kirishga uringan. Ularning katta qismi shaharda qolgan, chegarani kesib o‘tishga urinishlar vaqtida o‘nlab odam halok bo‘lgan.
La Liganing 6-turida «Elche»ga qarshi o‘yin oldidan futbolchilar maydonga Todos somos Caballas yozuvi tushirilgan oq futbolkalarda chiqishgan. Ushbu ibora mahalliy ma’noda «Barchamiz — Seuta aholisimiz» degan mazmunni anglatadi. Caballas so‘zi Seuta aholisiga nisbatan qo‘llanadigan xalqona laqab hisoblanadi.
Kilian Mbappe, Ibraima Konate va Vinisius Junior futbolkalarni to‘liq kiymagani sababli undagi yozuv deyarli ko‘rinmagan. Keyinroq Vinisius Mbappega futbolkani Seutani qo‘llab-quvvatlovchi yozuv ko‘rinmaydigan tarzda qanday kiyishni ko‘rsatayotgan video ham tarqalgan.
Marca ma’lumotiga ko‘ra, «Real»da ushbu holat qanday talqin qilingani va klubning Seutaga munosabati borasida shubhalar paydo bo‘lganidan xavotir bildirilgan.
Shu sabab delegasiyaning tashrifi «Real»ning Seutani rasman qo‘llab-quvvatlashini namoyish etishga qaratilgan.













