Aleksis Makallisterning otasi Karlos futbolchining "Liverpul"dan ketishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, mersisaydliklar hozircha yangi shartnoma bo‘yicha muzokara boshlamagan, ammo bu futbolchining klubni tark etishini anglatmaydi.
"Liverpul" rahbariyatidan hech kim shartnomani uzaytirish masalasida biz bilan bog‘lanmadi. Amaldagi kelishuvimiz bor va biz unga hamda "Liverpul"ga sodiqmiz. Agar klub yangi shartnoma taklif qilmasa, bu ularning haqqi", — dedi Karlos Makallister 365 Scores nashriga.
Bu bayonot Aleksisning o‘tgan hafta yangi shartnoma taklif qilinmaganidan "juda va juda xafa" ekanini aytganidan keyin yangradi. 2023 yilda klubga kelgan Dominik Soboslai va Rayan Gravenberx bilan esa yangi kelishuvlar bo‘yicha ishlar olib borilgan.
Karlos Makallister o‘g‘lining "Real"ga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarni ham rad etdi.
"Real"dan Aleksisning butun faoliyati davomida hech kim biz bilan biror marta ham bog‘lanmagan", — dedi u.
Makallisterning "Liverpul" bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan.
Argentinalik yarim himoyachi so‘nggi ikki asosiy tarkibdagi o‘yinida 2 ta gol urdi va yakshanba kuni "Bornmut"ga qarshi uchrashuvda ham maydonga tushishi kutilmoqda.













