O‘zbekiston Superligasining 22-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Dinamo“ (3:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Timur Kapade ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
“Lochinlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Avvalo jamoamiz va muxlislarimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Har bir yutuqda muxlislarning xizmati katta, shu bois, ularga alohida minnatdorchilik bildiraman. Bellashuvga keladigan bo‘lsak, qiyin bahsni o‘tkazdik. Xatolar bo‘ldi, keraksiz joyda to‘p o‘tkazib yubordik. Ammo tezda o‘zimizga kelib, g‘alabani qo‘lga kiritdik. Endi kichik ta’tilga chiqamiz va shundan so‘ng yana tayyorgarlikni davom ettiramiz.
- “Navbahor”ga urilgan gollarda darvozabonning xatosi bormi?
- O‘yin paytida xatolar bo‘lib turadi. Lekin imkon qadar xatoga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Maydondagi o‘yinchilar ham xato qiladi. Bugun O‘tkir yaxshiroq harakat qilsa bo‘lardi. Barcha gollar birinchi bo‘limda urildi. O‘ylashimcha, ikkinchi bo‘lim ham qiziq kechdi. Ayniqsa, Husayn Norchayev hal qilishi kerak edi.
- Ikkinchi darvozabon Shukuron Yo‘ldoshevga imkon bersa bo‘ladimi?
- Bo‘ladi. Ko‘ryapsiz, har bir uchrashuv biz uchun finalga teng bo‘lyapti, har bir uchrashuv qiyin o‘tyapti. Anchadan beri darvozada turmagan darvozabonni hozir sinab ko‘rish nima berishini bilmaymiz. Lekin Shukronning vaqti keladi. Biz uchun har bir o‘yinchimiz foydali.
- “Navbahor” turnir jadvalida yuqoriga ko‘tarilib oldi va O‘zbekiston kubogi musobaqasida keyingi bosqichga chiqdi. Buyog‘iga maqsadlar qanday bo‘ladi?
- Vaziyatga real qaraymiz. Buni rahbarlarimiz ham tushunib turishibdi. Baribir har bir o‘yinga g‘alabani ko‘zlab chiqamiz. Yutqazishni hech kim yoqtirmaydi. Hammasi nasibaga bog‘liq. Asosiysi o‘z ochkolarimizni yo‘qotmasligimiz kerak.
- Joel Kojo zaxirada qolib ketyapti. Bu nima bilan bog‘liq?
- Kojo kelganidan so‘ng, jarohatdan sog‘ayib, endi safga qaytdi. U tiklanish jarayonini boshidan kechirdi hamda sekin-asta imkoniyatga ega bo‘lyapti. O‘tgan o‘yin va undan oldingi bahsda maydonga tushdi. Bizda variantlar bor. Norchayev bor, boshqasi bor. Kim tayyor bo‘lsa, shu asosiy tarkibda tushadi. Aslini olganda bizda asosiy tarkib degan narsa yo‘q. Har bir futbolchi o‘zini asosiy tarkib o‘yinchisi deb bilishini xohlayman. Bugun Shohruh ikkita gol urdi. Jamoamizdagi hamma jamoa uchun borini berishga tayyor.
- Shohruh Abdurahmonovni hujumga qo‘yishingiz sababi nimada?
- Husayn Norchayevning belida og‘riq bo‘lgani uchun Shohruhni hujumda sinab ko‘rdik. U oldin ham kubok uchrashuvida hujumda harakat qilgandi. O‘zini yaxshi his qilyapti. Menimcha, bugungi o‘yindagi harakatlari ko‘p hujumchilarga o‘rnak bo‘lsa kerak. Men uchun asosiysi, kimning qanchalik tayyor ekanligi.
- Chempionlik yaqin deb his qilyapsizmi? Chunki jahon chempionatidan keyin "Neftchi" ham, "Paxtakor" ham bir nechta ochkolarni boy berdi...
- Real olib qarasak, "Neftchi” va "Paxtakor"ning tarkibi ancha kuchli. Ular yana ochko yo‘qotadimi, bilmayman. Biz esa o‘z o‘yinimizni o‘ylashimiz kerak.
- O‘zbekiston kubogi qur’asiga munosabatingiz?
- Chorak finalda Pro-liga jamoasi "G‘azalkent" bilan o‘ynaymiz. “G‘azalkent” yaxshi yosh jamoa, shiddatli o‘yin ko‘rsatyapti. Jamoa Pro-ligada qatnashayotgani bilan professional klublardan biri, deya olaman. Mashg‘ulotlar jarayoni, tiklanish, ovqatlanish, tibbiyot - har tomonlama yaxshi. Biz har bir o‘yinga va raqibga jiddiy qaraymiz.
- Negadir futbolchi almashtirishni kech, ya’ni, 80-daqiqadan keyin amalga oshiryapsiz...
- Futbolchi almashtirishdan maqsad,o‘yinni kuchaytirish. Agar maydonda o‘yinchilar yaxshi harakat qilib turishgan bo‘lsa, almashtirishdan foyda yo‘q, deb o‘ylayman. Zaxiradan tushgan o‘yinchi doim ham bahsga kirishib keta olmaydi. Buniyam inobatga olish kerak.
- Muhammadali Usmonov ikkita o‘yindan beri maydonga tushmayapti. Buning sababi nimada?
- O‘tgan uchrashuvda maydonga tushdi. U “Lokomotiv”ga qarshi boshlang‘ich tarkibda tushgandi va ko‘p xatolar qildi. Muhammadalining yaxshi darajadagi futbolchi ekanini bilamiz. Faqat o‘yinida ozgina pasayish bo‘ddi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.













