Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi va “Inter Mayami” klubi egasi Devid Bekhem argentinalik hujumchi Lionel Messi “Oltin to‘p” mukofotiga nomzodlar qatoridan joy olganini adolatli deb biladi. Uning fikricha, ushbu sovrin aynan Messiga nasib qilishi kerak.
“Inter Mayami” 16 sentyabr, chorshanba kuni o‘z maydonida Meksikaning “Krus Asul” klubini mag‘lub etib, Chempionlar Kubogini qo‘lga kiritdi. Uchrashuvda bitta gol va bitta golli uzatmaga mualliflik qilgan Messi faoliyatidagi 49-tituliga ega chiqdi. Qolaversa, ushbu gol argentinalik hujumchining “Inter Mayami” libosida kiritgan yuzinchi goli bo‘ldi.
O‘yindan so‘ng MLS telekanali efirida Devid Bekhem Leo haqida o‘zining iliq fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
“Uning shu yerda, Mayamida bizning jamoamiz uchun o‘ynayotganiga haligacha ishonolmayman. Aynan u sababli har kuni mashg‘ulotlarga kelaman, uni kuzataman va jarayondan zavq olaman. Uning maydondagi harakatlarini, Jahon chempionatini qanday o‘tkazganini ko‘rganingizda barchasiga amin bo‘lasiz. Uning yana ‘Oltin to‘p’ga nomzod bo‘lishi — shunchaki tasodif yoki omad emas. U haqiqatan ham turnirning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Sababi Leo daxshatli mavsum o‘tkazdi. 39 yoshda Jahon chempionatining deyrli har bir o‘yiniga gol urish — bu o‘zgacha hodisa. Uning yoshida hech kim bu darajada o‘ynay olmaydi. Leo ‘Oltin to‘p’ da’vogarlari qatoridan joy olishga to‘la loyiq va mening fikrimcha, ushbu mukofotni ham Messi olishi kerak”.
Ma’lumot o‘rnida, 39 yoshli Messi Ispaniya chempionati, “Barselona” va Argentina terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Shuningdek, u futbol tarixida “Oltin to‘p”ni sakkiz marta qo‘lga kiritgan yagona o‘yinchidir. Hujumchi Argentina terma jamoasi safida 207 ta o‘yinda maydonga tushib, 125 ta gol urgan. U milliy jamoa bilan birga ikki bor Amerika Kubogini (2021, 2024), 2022-yilgi Jahon chempionatini va 2022-yilda “Finalissima”ni yutgan. Bundan tashqari, u 2014- va 2026-yilgi mundiallarda kumush medallarga ega chiqqan.













