«Barselona» vingeri Lamin Yamal «Oltin to‘p» uchun ovoz berishda qo‘llanilayotgan ayrim mezonlarni adolatsiz deb hisoblashini aytdi.
«Hozir bu sovringa avvalgidan biroz boshqacha qarashyapti. Messi va Krishtianu davrida hamma ular dunyoning eng yaxshi ikki futbolchisi ekanini bilardi. Shuning uchun sovrin asosan ular o‘rtasida hal bo‘lardi.
Hozirgi muammo shundaki, odamlar «Oltin to‘p»ga aloqasi bo‘lmasligi kerak bo‘lgan omillarni ham hisobga olishyapti.
Masalan, «PSJ» Chempionlar ligasini yutgani uchun sovrin shu jamoa futbolchisiga berilishi kerak, degan gaplar aytiladi. Ammo Chempionlar ligasini yutsang, eng yaxshi jamoa sifatida sovrinni «PSJ» oladi. Bu — jamoaning mukofoti.
Boshqa masala — agar «PSJ» safida dunyoning eng yaxshi futbolchisi o‘ynasa. U holda, menimcha, «Oltin to‘p» aynan dunyoning eng yaxshi futbolchisiga berilishi kerak. Shu bilan masala tugaydi.
80 ta gol urgan futbolchiga emas. Chunki 80 ta gol ursang, mavsumning eng yaxshi to‘purari sifatida alohida sovrin olasan. Bu butunlay boshqa narsa, ammo odamlar buni tushunmaydi.
Dunyoning eng yaxshi futbolchisi — o‘yinini tomosha qilganingda zavq oladigan, boshqalardan sezilarli darajada ajralib turadigan futbolchi.
«Oltin to‘p» yana aynan shu tamoyil asosida berila boshlasa, ya’ni eng ko‘p gol urgan yoki eng ko‘p sovrin yutganga emas, haqiqatan ham dunyoning eng yaxshi futbolchisiga topshirilsa, u o‘zining haqiqiy qadrini qayta tiklaydi», — dedi Yamal.













