Irlandiya Futbol Assosiasiyasi (FAI) bosh ijrochi direktori Devid Kouellning ma’lum qilishicha, UEFA Irlandiya va Isroil terma jamoalarini kelajakdagi turnirlar qur’asida bir guruhga tushirmaslik haqidagi so‘rovni rad etgan.
Fevral oyida o‘tkazilgan qur’a natijasida ikki jamoa Millatlar ligasida bir guruhdan joy olgan va 27 sentyabr hamda 4 oktyabr kunlari o‘zaro o‘ynaydi. Uchrashuvlar Serbiyada (tomoshabinlarsiz) va Vengriyada (irlandiyalik muxlislarsiz) neytral maydonlarda o‘tkaziladi.
Iyul oyida FAI delegatlari boykot qilishga chaqiriqlar bo‘lishiga qaramay, ushbu uchrashuvlarni o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlagan. O‘yinlarni o‘tkazish bo‘yicha qaror Yaqin Sharqda davom etayotgan mojaro fonida yanada ko‘proq bosimga duch kelgan.
«Javob juda aniq bo‘ldi. Ularda rasmiy atama bor — aniq ifodasini eslay olmayman, ammo bir-biri bilan qur’ada bir guruhga tushirilishi mumkin bo‘lmagan jamoalar ro‘yxatiga o‘xshash narsa. U asosan mojarolarga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshiliklarga asoslanadi, jamoatchilikdagi kayfiyatga emas. Irlandiya va Isroil hech qachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaroda bo‘lmagan. Men bu javobni qabul qildim», — deya sport amaldorining so‘zlarini BBC keltirmoqda.
UEFA hozircha Kouellning bayonotiga izoh bermagan.













