«Barselona» futbolchisi Rafinya Ispaniya La Ligasining 7-turida «Sevilya»ga qarshi uchrashuvda xet-trik qayd etdi.
29 yoshli braziliyalik futbolchi 22-daqiqada hisobni tenglashtirdi. 52-daqiqada esa ikkinchi golini urib, dubl muallifiga aylandi. 69-daqiqada u o‘yinga so‘nggi nuqtani qo‘ydi. Shu tariqa, uning Ispaniya chempionatining joriy mavsumidagi gollari soni 12 taga yetdi.
Rafinya XXI asrda La Liganing dastlabki 7 turida kamida 10 ta gol urishga erishgan uchinchi futbolchi bo‘ldi. Bungacha bunday natijani faqat «Barselona»ning sobiq hujumchisi Lionel Messi 2011/12 va 2017/18 mavsumlarida hamda «Real»ning sobiq forvardi Krishtianu Ronaldu 2014/15 mavsumida qayd etgan.
La Liga tarixida yana ikki futbolchi shunday natijaga erishgan: Karlos Diarte «Valensiya» safida 1976/77 mavsumida va Kini «Sporting» tarkibida 1979/80 mavsumida.
Rafinya «Barselona» sharafini 2022 yil yozidan buyon himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalar doirasida 8 ta o‘yinda maydonga tushib, 14 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Transfermarkt portali braziliyalik futbolchining bozor qiymatini 70 million yevroga baholamoqda.













