Shveysariya terma jamoasi sardori Granit Jaka COVID-19’ga qarshi vaksinasiya haqidagi soxta sertifikatdan foydalangan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasiga tushdi. Bu haqda Lyusern prokuraturasiga tayanib Blick nashri xabar berdi.
Tergov mahalliy shifokor bilan bog‘liq bo‘lib, uning qabulxonasida 2023 yilda tintuv o‘tkazilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, 33 yoshli futbolchi amalda vaksina olmasdan turib sertifikat olgan bo‘lishi mumkin.
Shifokorning advokati esa Jaka vaksina olganini ta’kidlamoqda. Futbolchining vakili Andreas Bantel ham Jakada ikki marta emlanganini tasdiqlovchi shifokor ma’lumotnomasi borligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, futbolchi 2022 yil 25 yanvar va 11 noyabr kunlari vaksina olgan.
Jakaning o‘zi hozircha vaziyatga izoh bergani yo‘q. U oktyabr oyida, Shveysariya terma jamoasi Millatlar ligasida Shimoliy Makedoniyaga qarshi o‘yin oldidan Lyusernda bo‘lgan paytda ko‘rsatma berishi mumkin.
2021 yil sentyabrida Jaka koronavirus uchun topshirgan testi musbat chiqqanidan so‘ng Shveysariya terma jamoasining uchta o‘yinini o‘tkazib yuborgan edi.
Shveysariya qonunchiligiga ko‘ra, hujjatlarni qalbakilashtirish uchun jarima yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Jaka 2025 yil yozidan buyon Angliya Premyer-ligasida ishtirok etuvchi «Sanderlend» sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalar doirasida 5 ta o‘yinda maydonga tushgan.













