La Liga prezidenti Xavyer Tebas El Debate nashrida Ispaniya hakamlarining «Real»ga nisbatan bir tomonlama munosabati haqida chop etilgan maqolaga munosabat bildirdi.
Yakshanba kuni «Real» La Liga doirasida «Atletiko»ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.
«“Rejim televideniyesi”da yana odatiy ssenariy — abadiy fitna haqidagi materiallar paydo bo‘la boshladi. Gap Negreyra haqida bo‘lmasa, aybdor hakam; hakam bo‘lmasa, u go‘yo xalqaro darajadagi referi emas. Barcha klublar ham xalqaro toifadagi, ham xalqaro maqomga ega bo‘lmagan hakamlar tomonidan boshqarilishi mumkin. Hech bir klub o‘zi uchun maxsus hakamlik talab qilish huquqiga ega emas.
Ammo bu maqola yana ham uzoqqa ketgan: unda hakamlar “ularni boqib turgan biznes”ga zarar yetkazayotgani aytilgan. Muallif aslida nimani istayapti? Hakamlar qaror chiqarayotganda daromad, televizion auditoriya yoki klub emblemasini hisobga olishinimi? Bu musobaqadagi tenglikni juda g‘alati tushunish.
«Real Madrid» La Liga uchun nihoyatda muhim. Ammo “Real”siz La Liga hech narsaga arzimaydi, deyish boshqa klublar, ularning muxlislari va tarixiga nisbatan hurmatsizlikdir. Musobaqa hech kimning shaxsiy mulki emas.
Hakamlar «Real»ga qarshi ishlayapti, deb aytish — qandaydir boshqa galaktikada yashash bilan barobar. Bu qarash maydondagi boshqa muammolarni ko‘rmaslik uchun bahona vazifasini o‘taydi. Mavsumning dastlabki o‘yinlaridayoq ko‘zga tashlanayotgan holatlarni tushuntirishdan ko‘ra, fitnani ko‘rsatish ancha oson.
Mening pozisiyam hech qanday lavozimga bog‘liq emas: hakamning xatosi fitna mavjudligini isbotlamaydi, bu gapni yillar davomida takrorlash esa uni haqiqatga aylantirmaydi.
KO‘Z YUMISHNI BAS QILING! Sentyabr hali tugamadi, ular esa chempionatni allaqachon adolatsiz deb e’lon qilishyapti. Bu abadiy bahonaga sog‘lom fikrlaydigan hech kim ishonmaydi», — deb yozdi Tebas.













