«Yuventus» sobiq yarim himoyachisi Klaudio Markizioning 17 yoshli o‘g‘li Davide Markizio klub bilan ilk professional shartnomasini imzoladi. Tomonlar 2028 yilgacha mo‘ljallangan bitimga kelishgan. Davide 2009 yil 31 avgustda tug‘ilgan bo‘lib, «Yuventus» akademiyasida yarim himoyachi sifatida faoliyat yuritmoqda.
O‘tgan mavsumda u 17 yoshgacha bo‘lganlar jamoasi safida 23 ta uchrashuvda ishtirok etib, 3 ta gol urgan. Ulardan biri «Torino»ga qarshi Derbi della Mole bahsida kiritilgan. Shuningdek, mavsum yakuniga yaqin Davide «Yuventus»ning asosiy jamoasi mashg‘ulotlarida ham ishtirok etgan.
Davide ijtimoiy tarmoqda shartnoma imzolaganidan mamnunligini bildirib, bolaligidan orzu qilgan va sevgan jamoasida professional futbolchi bo‘lganidan faxrlanishini aytdi. U «Yuventus» uchun bor kuchini berishini va yanada rivojlanishga intilishini ta’kidlagan.













