Niderlandiya futzal milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Migel Andres Moreno O‘zbekiston futbol federasiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov nomiga minnatdorlik maktubini yo‘lladi.
Murojaatda O‘zbekiston terma jamoasining yuqori saviyasi e’tirof etilib, Niderlandiyaga tashrif buyurilgani hamda o‘tkazilgan ikki o‘rtoqlik uchrashuvi uchun samimiy minnatdorlik bildirilgan.
«Sizda juda ajoyib va kuchli terma jamoa hamda mahoratli futbolchilar mavjud», — deyiladi maktubda.
Eslatib o‘tamiz, Niderlandiya terma jamoasi kuzda Jahon chempionati saralash bahslarida ishtirok etadi. O‘zbekiston bilan o‘tkazilgan ikki uchrashuv mezbonlar uchun mazkur bahslar oldidan muhim sinov vazifasini o‘tadi.
O‘zbekiston va Niderlandiya futzali o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik kelgusida yangi uchrashuvlar va samarali loyihalar uchun mustahkam zamin bo‘lishi kutilmoqda.













