«Barselona» sport direktori Deku «Inter» forvardi Lautaro Martinesning o‘tgan yozda Kataloniya klubiga transfer qilinmagani sababini tushuntirib berdi.
«Futbolchiga va klubga bo‘lgan hurmat yuzasidan shunday qildik. «Inter» bizga uning sotilmasligini ma’lum qilishi bilan, biz u bilan boshqa bog‘lanishga urinmadik. Biz to‘g‘ri va imkon qadar ochiq-oshkora ish tutishga harakat qilamiz. Ba’zida matbuotda ko‘plab taxminlar paydo bo‘ladi, ammo klublar asl vaziyat qanday bo‘lganini yaxshi bilishadi.
Lautaro «Barselona» darajasidagi futbolchimi? Bu haqiqat. Lautaro biz ko‘rib chiqqan nomzodlar orasida bor edi. «Barselona» prezidenti «Inter» rahbariyati bilan gaplashganida, ular unga futbolchi sotilmasligini aytishdi. Hurmat yuzasidan biz boshqa muloqot qilmadik, hatto futbolchining o‘zi yoki uning agenti bilan ham», — deydi Deku Sportitalia manbasiga.













