Myunxenning «Bavariya» klubi «Barselona»ning ispaniyalik yarim himoyachisi Dani Olmoni sotib olishga harakat qiladi. Bu haqda Sky Sports manbasi X ijtimoiy tarmog‘ida xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, boshqa jamoalarning Jamal Musiala va Maykl Olisega bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani myunxenliklarning ushbu xavbekka e’tibor qaratishiga sabab bo‘lgan. Klub rahbariyati yangi hujumkor futbolchi bilan shartnoma imzolash zarurati tug‘ilishi mumkin bo‘lgan vaziyat uchun variantlarni o‘rganmoqda.
Dani Olmo 2024 yilning avgustida «Barselona»ga kelib qo‘shilgan edi. Joriy mavsumda 28 yoshli ispaniyalik yarim himoyachi barcha musobaqalarda sakkizta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga uchta gol yozib qo‘ydi, ammo assist qayd etmadi.













