"Dinamo" jamoasi FIFA kunlari munosabati bilan berilgan bir haftalik ta’tildan so‘ng mashg‘ulotlarga qaytdi.
Samarqandliklar 25 sentyabr kuni Toshkentga yo‘l olib, bir haftalik yig‘inni boshladi. Jarohatidan so‘ng jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, tiklanish jarayonini yakunlagan Sanjar Qodirqulov ham jamoaviy mashg‘ulotlarga qo‘shildi.
Shuningdek, hujumchi Anvarjon Hojimirzayev ham to‘liq kuch bilan shug‘ullanmoqda. U Superliganing navbatdagi turida "Nasaf"ga qarshi o‘yinda jamoaga yordam berishi mumkin.
Ayni paytda "Dinamo"ning bir qator futbolchilari terma jamoalar ixtiyorida. Firdavs Abdurahmonov va Oybek O‘rmonjonov O‘zbekiston U-23 tarkibida Osiyo o‘yinlari yarim finaliga yo‘l olgan. Azizbek Amonov va Edem Nemanov esa O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan Suriyaga qarshi bahsga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Moldovalik himoyachi Mixail Shtefanning bugun UEFA Millatlar ligasi doirasida Slovakiyaga qarshi maydonga tushishi kutilmoqda. Terma jamoalardagi futbolchilar FIFA kunlari yakunlanganidan so‘ng, 6 oktyabrdan keyin "Dinamo" safiga qaytadi.
"Dinamo" Superligadagi navbatdagi uchrashuvini 9 oktyabr kuni Qarshida "Nasaf"ga qarshi o‘tkazadi.













