Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boks bo‘yicha 2026-yilgi Yevropa chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Ozarbayjon terma jamoasi safida ishtirok etgan asli o‘zbekistonlik bokschi Saidjamshid Ja’farov 75 kg vazn toifasida Yevropa chempionligini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Ja’farov musobaqaning eng yaxshi bokschisi deb topildi.
Ja’farov finalda rossiyalik Ismoil Musolgovga qarshi ringga chiqdi. Jangda barcha besh hakam g‘alabani o‘zbekistonlik bokschi foydasiga qayd etdi — 5:0 (29:28, 29:28, 29:28, 29:28, 29:28).
Shu tariqa Buxoroda tug‘ilgan Saidjamshid Ja’farov faoliyatida ilk bor Yevropa chempioniga aylandi. U 2023-yilda O‘zbekiston terma jamoasi safida Jahon chempionatining kumush medalini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 2021 va 2022-yillarda Osiyo chempioni bo‘lgan.
Ozarbayjon terma jamoasi musobaqani 2 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza bilan yakunladi.
Ja’farovdan tashqari Subhan Mamedov (50 kg) ham Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan edi. Nabi Isgandarov (70 kg) kumush, Amin Mammadzada (55 kg) va Muhammad Abdullayev (+90 kg) esa bronza medallariga ega chiqdi.
43 mamlakatdan 406 nafar bokschi qatnashgan musobaqa European Boxing tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tarixdagi ilk Yevropa chempionati bo‘ldi. Qit’a birinchiligi 17 sentyabr kuni start olgan bo‘lib, erkaklar va ayollar o‘rtasida 10 tadan vazn toifasida bahslar tashkil etildi.













