Irlandiya terma jamoasi futbolchilari Isroilga qarshi o‘yin oldidan raqiblar bilan qo‘l berib ko‘rishmaslikka qaror qildi.
27 sentyabr kuni Irlandiya va Isroil Millatlar ligasi doirasida o‘zaro maydonga tushadi.
Avvalroq Irlandiya terma jamoasi darvozaboni ushbu uchrashuvda ishtirok etishni istamayotgani, uning pozisiyasini yana bir nechta futbolchi qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Yakunda jamoada ovoz berish o‘tkazildi va futbolchilarning aksariyati o‘yinni boykot qilmaslik tarafdori bo‘ldi.
Irlandiya futbol assosiasiyasi bosh direktori Devid Kurellning ma’lum qilishicha, uchrashuv oldidan qo‘l berib ko‘rishish va bayroqchalar almashish marosimi bo‘lmaydi.
Shuningdek, Irlandiya futbolchilari G‘azo sektoridagi mojaro davomida halok bo‘lgan barcha insonlar xotirasi uchun qora bog‘ichda maydonga tushadi.
Kurell terma jamoa futbolchilari ushbu yig‘in davomida matbuot anjumanlarida qatnashmasligini ham ma’lum qildi.
"Kechagi suhbatdan keyin futbolchilar futbolga aloqasi bo‘lmagan savollarga javob berishga majbur bo‘layotgan bu muhitda o‘zlarini noqulay his qilayotgani ma’lum bo‘ldi", — dedi u.













