UYEFA 2026/27 yilgi Millatlar ligasi 1-turining eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga nomzodlarni e’lon qildi.
Qisqa ro‘yxatdan Norvegiya hujumchisi Erling Xoland, Ispaniya vingeri Lamin Yamal, Xorvatiya sardori Luka Modrich va Germaniya darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen joy oldi.
Erling Xoland Norvegiyaning Daniya ustidan 3:2 hisobidagi g‘alabasida asosiy qahramonlardan biri bo‘ldi. "Manchester Siti" forvardi ikki marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Uning 74-daqiqada urgan ikkinchi goli uchrashuv taqdirini hal qildi.
Lamin Yamal Ispaniyaning "Uembli"da Angliyani 3:2 hisobida mag‘lub etgan bahsida o‘zini ko‘rsatdi. "Barselona" futbolchisi uchrashuvning 2-daqiqasida hisobni ochdi. Keyinchalik Ispaniya 1:2 hisobida ortda qolgan bo‘lsa-da, vaziyatni o‘zgartirib, g‘alabani ilib ketdi. Yamal uchrashuv davomida 7 ta zarba va 4 ta kalit uzatma qayd etdi.
40 yoshli Luka Modrich esa Xorvatiyaning Chexiyaga qarshi safardagi 2:1 hisobidagi g‘alabasida muhim rol o‘ynadi. Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan Modrich kuchli zarba orqali hisobni ochdi. Keyin chexlar muvozanatni tiklagan bo‘lsa-da, Marko Pashalichning goli xorvatlarga uch ochko keltirdi. UYEFA ham Modrichni ushbu uchrashuvda Xorvatiyaning yetakchi futbolchilaridan biri sifatida qayd etdi.
To‘rtlikni Mark-Andre ter Shtegen yakunlab berdi. Germaniya Niderlandiya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan bahsda darvozabon katta hajmda ish bajardi. Ter Shtegen 9 ta seyv amalga oshirib, Germaniyani bir necha bor goldan qutqardi. Faqat qo‘shib berilgan daqiqalarda Kodi Gakponing zarbasini qaytara olmadi.
Shu tariqa, Millatlar ligasi 1-turining eng yaxshi futbolchisi sovrini uchun Xoland, Yamal, Modrich va ter Shtegen da’vogarlik qilmoqda.














