UYEFA prezidenti Aleksander Cheferin Italiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan Yevro-2032 oldidan mamlakat futbol infratuzilmasi haqida fikr bildirdi.
Avvalroq u: «Infratuzilma tayyor bo‘lishiga umid qilaman. Aks holda, musobaqa Italiyada o‘tkazilmaydi», — degan edi.
Cheferinning ta’kidlashicha, Italiyadagi futbol infratuzilmasi hali ham mamlakat futboli nufuziga mos darajada emas.
«Bu fikr hali ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Italiya futbol infratuzilmasining holati mamlakat futboli mavqeiga mos keladigan darajadan ancha yiroq.
Shunga qaramay, muayyan ijobiy o‘zgarishlar bor. Avgust oyida 13 ta shahar Yevro-2032 o‘yinlarini qabul qilish istagini bildirdi. Yirik sarmoyalar haqidagi rejalar esa vaziyatning jiddiyligi davlat darajasida ham anglab yetilganini ko‘rsatadi.
Biroq vaqt kutmaydi. Bildirilgan tayyorgarlikni imkon qadar tezroq aniq ishlar bilan mustahkamlash kerak. Muvaffaqiyat uchun eng muhimi ham shu», — dedi Cheferin.
U, shuningdek, Italiyada stadionlarni rekonstruksiya qilish jarayoni nega boshqa Yevropa davlatlariga nisbatan qiyin kechayotganini tushuntirdi.
«Muammo faqat pulda emas, asosan boshqaruv modelida. Italiyada stadionlarning aksariyati munisipalitetlarga tegishli, klublar esa ulardan faqat ijara asosida foydalanadi.
Shu sabab klublarda o‘zlariga tegishli bo‘lmagan ob’ektga katta mablag‘ sarflash uchun yetarli rag‘bat yo‘q.
Bundan tashqari, murakkab va uzoq davom etadigan byurokratik jarayonlar ham vaziyatni og‘irlashtiradi. Masalan, deyarli har qanday qaror sud orqali bahslashilishi mumkin. Natijada loyihalar cho‘zilib ketadi va ba’zan ularni boshlagan rahbarlarning vakolat muddatidan ham oshib ketadi.
«Yuventus», «Atalanta» va «Udineze» misoli shuni ko‘rsatadiki, klub stadionni o‘z nazoratiga olib, uni mustaqil boshqarsa, natijalar ancha tez ko‘rinadi.
Shuning uchun Yevro-2032ni ushbu modelni takomillashtirish uchun juda yaxshi imkoniyat deb hisoblayman. Ishonamanki, Italiya davlat idoralari, klublar va mahalliy jamoalar hamkorligida bu imkoniyatdan foydalanadi», — dedi UYEFA prezidenti.













