Serbiya terma jamoasi bosh murabbiyi Velko Paunovich Millatlar ligasi 2-turida Niderlandiyaga qarshi o‘yinda shogirdlari juda katta kuch sarflaganini ta’kidladi.
Uchrashuv 27 sentyabr kuni Belgraddagi «Rayko Mitich» stadionida bo‘lib o‘tdi va Niderlandiyaning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
«Albatta, natija yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi. Niderlandiyani g‘alaba bilan tabriklayman, ammo futbolchilarimizni ham aql bovar qilmas darajadagi harakatlari uchun olqishlayman.
Birinchi o‘yinga nisbatan barcha jihatlarda o‘sish ko‘rsatdik — o‘yinni tashkil etishda, pressingda va o‘zimizga bo‘lgan ishonchda.
Tanaffus paytida futbolchilar Niderlandiyaning bu tarkibi bilan tengma-teng kurasha olishlarini his qilishdi. Biz gol urib, hisobni tenglashtirishga juda yaqin edik», — deya Paunovichning so‘zlarini UYEFA matbuot xizmati keltirdi.
Millatlar ligasining 1-turida Serbiya Gresiyaga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. Serblar turnirdagi navbatdagi uchrashuvini 1 oktyabr kuni Germaniyaga qarshi o‘tkazadi.













