«An-Nasr» hujumchisi Joau Feliks Yevropaga qaytish rejasi borligini aytdi.
«Evropaga qaytishni rejalashtiryapman, garchi bu darhol bo‘lmasligi mumkin. Bu joriy mavsum oxirida bo‘ladimi yoki keyingi mavsumdan so‘ngmi — bilmayman. Ammo men qaytishni, yana Chempionlar ligasida o‘ynashni va u yerda yana raqobatlashishni istayman.
«Barselona»da o‘ynashning o‘zi meni juda baxtli qilgan. Bu men, otam va akam uchun bolalik orzusi edi. U klub sharafini himoya qilish men uchun katta sharaf bo‘lgan», — deya 26 yoshli portugaliyalik futbolchining so‘zlarini AS keltirdi.
Feliks 2025 yil iyulidan buyon «An-Nasr» safida to‘p tepmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2027 yil 30 iyunga qadar mo‘ljallangan.
2025/26 mavsumida u 47 ta uchrashuvda 26 ta gol urdi va 18 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Feliks avvalroq «Milan», «Chelsi», «Barselona», «Atletiko» va «Benfika» klublari safida ham to‘p tepgan.
Transfermarkt portali futbolchining transfer qiymatini 28 million yevroga baholamoqda.













