"Andijon" futbol klubi yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqidan vaqtincha mahrum qilindi.
Bunga klubning sobiq murabbiylari Grigoriy Kolosovskiy, Pavel Sinelnikov va Denis Toymensov oldidagi moliyaviy majburiyatlarini belgilangan muddatda bajarmagani sabab bo‘ldi.
O‘FAning Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasi avvalroq "Andijon"ga qarzdorlik masalasini 10 sentyabrga qadar hal etish uchun muhlat bergan edi.
Shuningdek, belgilangan sanagacha kelishuvga erishilmagan taqdirda klubga milliy va xalqaro darajada yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha cheklov joriy etilishi belgilangan.
Qarzdorlik masalasi o‘z vaqtida bartaraf etilmagani sabab sanksiya avtomatik ravishda kuchga kirdi.
Endi "Andijon" ketma-ket ikki ro‘yxatdan o‘tkazish davri mobaynida yangi futbolchilarni Liga ro‘yxatiga kirita olmaydi.
Klub mazkur qaror haqida 25 sentyabr kuni rasman xabardor qilingan.













