«Barselona» prezidenti Joan Laporta Madridning «Real» klubi bilan yuzaga kelgan ziddiyat haqida fikr bildirdi. Funksioner poytaxt klubining harakatlari tufayli hozirda ikki klub o‘rtasidagi aloqalar to‘liq to‘xtatilganini aytdi.
«“Real” har bir bayonotida “Barselona”ga hujum qiladi. Biz faktlarning buzib ko‘rsatilishiga toqat qila olmaymiz. Vaziyat to‘g‘rilanishiga va masala hal etilishiga umid qilaman.
Madrid klubi bilan munosabatlar uzilganini sizlar allaqachon bilasiz. Ular “Negreyra ishi”ga aralashishdi. Bizning fikrimizcha, ular bu ishni faqat jarayonni cho‘zish, o‘z telekanalining tahririy siyosatini va oldindan tayyorlab qo‘yilgan o‘z narrativini oqlash uchun qilishdi. Kelishmovchiligimiz mohiyati ham shunda. Hozirda biz bilan ular o‘rtasida hech qanday munosabat yo‘q», — deya Laportaning so‘zlarini De Marke Sports X ijtimoiy tarmog‘ida keltirgan.













