«Filadelfiya Yunion» yarim himoyachisi Kavan Sallivan faoliyatini «Manchester Siti»da davom ettiradi.
«Shaharliklar» iqtidorli futbolchi bilan anchadan buyon kelishuvga erishgan. Transfer Sallivan 18 yoshga to‘lganidan so‘ng amalga oshirilishi kerak.
So‘nggi vaqtlarda Premyer-liga moliyaviy qoidalarini buzgani uchun «Manchester Siti»ga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar tufayli ushbu kelishuv amalga oshmay qolishi haqida turli xabarlar tarqaldi.
Biroq insayder Fabrisio Romano ma’lumotiga ko‘ra, bu gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Amerikalik futbolchi reja bo‘yicha Angliya grand klubi safiga qo‘shiladi. Uning «Siti» bilan tuzgan uzoq muddatli shartnomasi ham o‘z kuchida qoladi.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, Kavan Sallivani «Barselona» va Madridning «Real» klublari ham o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda. Futbolchi 28 sentyabr kuni 17 yoshni qarshi oldi.













