«Bavariya» kuzatuv kengashi a’zosi Karl-Xayns Rummenigge «Liverpul» yarim himoyachisi Florian Virs bilan bog‘liq vaziyat haqida fikr bildirdi va nemis futbolchisining Myunxen klubiga o‘tishi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi.
«Virsning “Liverpul”da qiyinchiliklarga duch kelayotganidan hayronmanmi? Ha. Bizda u “Liverpul”ni Arne Slot unga “o‘nlik” pozisiyasida o‘ynashni va’da qilgani uchun tanlagan, degan taassurot bor edi. Bu uning qarorida muhim omil bo‘lgan. Moliyaviy jihatdan esa katta farq bo‘lmagan. U o‘z tanlovini qildi va biz bu qarorni qabul qildik», — deya Rummeniggening so‘zlarini AZ keltirdi.
«U qachondir “Bavariya”ga o‘tishi mumkinmi? Bilmayman. Asosiy savol — Virs “Liverpul”da baxtlimi yoki yo‘q. Biz ma’lum vaqt davomida uning otasi va onasi bilan aloqada bo‘lib turdik. Keyin esa ular boshqa yo‘lni tanlashga qaror qildi», — deya qo‘shimcha qildi Rummenigge.
Virs 2025 yil iyun oyida «Bayer»dan «Liverpul»ga o‘tgan. Angliya klubi futbolchi uchun 100 million funt sterling to‘lagan, yana 16 million funt miqdorida bonuslar ham kelishuvda ko‘zda tutilgan.













