Bolgariyaning «Botev» futbol klubi prezidenti Iliyan Filipov o‘tgan tunda o‘ldirildi. Hodisa biznesmen jamoasining o‘yinidan so‘ng uyiga qaytayotgan paytda sodir bo‘lgan. Bu haqda Bolgariyaning Nova nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Filipovning bosh qismiga bir marta o‘q uzilgan. Biznesmen o‘z uyi yaqinida otib ketilgan.
Hozircha ushbu jinoyat bo‘yicha qo‘lga olingan yoki qidiruvga berilgan shaxslar haqida ma’lumot yo‘q. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar shubhali avtomobillarni to‘xtatib, jinoyatchini qidirmoqda.
Qayd etilishicha, Filipov yashagan turar joy majmuasi yaqinida o‘rmonzor hudud bor. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qotil biznesmenni aynan shu yerda kutib turgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilmoqda.
Jinoyat sodir bo‘lgan hudud nisbatan yangi bo‘lib, u yerda ko‘plab yangi binolar qurilgan. Shu munosabat bilan mahalliy aholi hududdagi yoritish tizimi yaxshi emasligidan bir necha bor shikoyat qilgan.













