Namanganning "Navbahor" va Qirg‘iziston milliy terma jamoasi futbolchisi Joel Kojo ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘iziston futbol ittifoqi rasmiy ma’lumot berdi.
Hodisa 29 sentyabr kuni ro‘y bergan. Ma’lum qilinishicha, Kojo milliy terma jamoa yig‘ini o‘tayotgan "Muras Yunayted" bazasidan shaxsiy ishlari bilan chiqib ketgan. Jibek Jolu va Manas ko‘chalari kesishmasida u elektrovelosipedda harakatlanayotgan fuqaro bilan to‘qnashgan.
Jabrlangan shaxs tibbiy muassasaga yetkazilgan. Kompyuter tomografiyasi natijalariga ko‘ra, unda jiddiy jarohat yoki miya chayqalishi alomatlari aniqlanmagan.
Qirg‘iziston futbol ittifoqi bayonotida fuqaro yo‘lni piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgani, biroq yo‘l harakati qoidalarini buzgani qayd etilgan. Shu bilan birga, YTHning aniq sabablari va barcha holatlari tegishli tekshiruv yakunlari bo‘yicha ma’lum bo‘lishi ta’kidlangan.
Ayni paytda Joel Kojo milliy terma jamoa ixtiyorida bo‘lib, Livanga qarshi bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda.













