Portugaliya terma jamoasi himoyachisi Ruben Diash Millatlar ligasida Norvegiya ustidan 2:1 hisobida qozonilgan g‘alabadan keyin Krishtianu Ronaldu atrofidagi vaziyatga munosabat bildirdi.
Ronaldu butun uchrashuvni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi va maydonni tark etayotganda muxlislar bilan salomlashmadi. Shuningdek, 41 yoshli hujumchi ikki mashg‘ulotni o‘tkazib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh murabbiy Jorje Jezush Ronalduni maydonga tushirmaganini faqat taktik sabablar bilan izohladi.
«Rostini aytsam, o‘zim, Bernardu Silva va Brunu Fernandesh nomidan gapiradigan bo‘lsam, bu masalaga hech kim OAVchalik katta ahamiyat bermayapti.
Bunday holatlar hammada bo‘ladi. Menga hech qachon murabbiyi bilan muammosi, qiyin vaziyati yoki kelishmovchiligi bo‘lmagan bitta futbolchini aytib bering. Bular tabiiy holatlar. Eng muhimi — vaziyatga to‘g‘ri baho berib, oldinga harakat qilish», — deya Diashning so‘zlarini Goal keltirdi.
Futbolchi Ronalduning asabiylashishi ham qisqa muddatli bo‘lganini ta’kidladi.
«Bu 10, 15 yoki 20 soniya davom etadigan asabiylik xolos. Bu uning 20 yildan ortiq vaqt davomida milliy terma jamoaga bo‘lgan sadoqatini hech qanday kamaytirmaydi. Bir lahzada asabiylashasan, besh daqiqadan keyin esa hammamiz terma jamoaning muhim g‘alabasini birgalikda nishonlayapmiz», — dedi Diash.
Avvalroq Ronaldu va Jezush vaziyatni muhokama qilish uchun Portugaliya futbol federasiyasi prezidenti Pedru Proensa bilan uchrashgan edi.













