«Manchester Siti» hujumkor yarim himoyachisi Fil Foden Myunxenning «Bavariya» klubi qiziqishlari doirasiga tushdi. Bu haqda TEAMtalk xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, agar «Manchester Siti» moliyaviy qoidabuzarliklar sabab jiddiy jazoga tortilsa, Foden «Bavariya»ning transfer maqsadlaridan biriga aylanishi mumkin. Germaniya grandi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda va imkoniyat tug‘ilsa, 26 yoshli futbolchini sotib olishga tayyor.
Joriy mavsumda «shaharliklar» tarbiyalanuvchisi barcha musobaqalarni hisobga olganda oltita uchrashuvda maydonga tushib, ikkita golli uzatmani amalga oshirdi.
Fodenning «Manchester Siti» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali futbolchini 70 million yevroga baholamoqda.













