Urugvayning «Defensor Sporting» klubi 16 yoshli vingeri Nikolas Skotti Angliyaga ko‘chib o‘tishi mumkin. Bu haqda TEAMtalk xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, iqtidorli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun asosiy da’vogar «Liverpul» hisoblanadi. Skottining shartnomasida 9,4 million yevro miqdorida tovon puli belgilangan. Biroq «Defensor Sporting»da moliyaviy qiyinchiliklar mavjudligi sabab futbolchining transferi arzonroqqa tushishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, FIFA qoidalariga ko‘ra, futbolchi boshqa mamlakat klubiga faqat 18 yoshga to‘lgach o‘tishi mumkin. Shu sababli transfer 2027 yil noyabriga qadar amalga oshishi imkonsiz.
16 yoshli Skotti Janubiy Amerikaning eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri hisoblanadi. Manbalarga ko‘ra, uni «Arsenal» va «Manchester Yunayted» ham kuzatib bormoqda.













