Angliya Premyer-ligasi klublari «Manchester Siti»ga nisbatan bir mavsumga Chempionshipga tushirishdan ham og‘irroq jazo qo‘llanilishini talab qilmoqda.
Mustaqil komissiya klubni 2009 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda daromadlarini 900 million funtga oshirib ko‘rsatishga xizmat qilgan «yashirin moliyalashtirish sxemasi»da aybdor deb topgan.
«Bir mavsumga Chempionshipga tushirish yetarli bo‘lmaydi. Komissiya yillar davomida muntazam va ataylab amalga oshirilgan qoidabuzarliklarga mutanosib jazo belgilashi, shuningdek, bunday holatning kelajakda takrorlanishiga kuchli to‘siq yaratishi kerak», — dedi klublardan biridagi manba The Guardian nashriga.
«Manchester Siti»ning apellyasiyasi ko‘rib chiqilgandan keyin sanksiyalar bo‘yicha alohida eshituv o‘tkazilishi kutilmoqda. Qaror yanvar oyi oxirigacha chiqarilishi mumkin. Biroq «Siti» Premyer-liga belgilagan tezlashtirilgan jarayonga qarshi chiqsa, ish yana cho‘zilishi ehtimoli bor.
«Manchester Yunayted», «Arsenal», «Tottenxem» va «Liverpul» ehtimoliy zararlar yuzasidan «Manchester Siti»ga qarshi sudga murojaat qilish huquqini saqlab qolgan.
Bu borada «Byornli»ning «Everton» ustidan PSR moliyaviy qoidalarini buzgani uchun 35 million funt kompensasiya undirgani presedent sifatida ko‘rsatilmoqda.
«Manchester Siti» esa o‘zini aybsiz deb hisoblashda davom etmoqda va qaror ustidan to‘liq apellyasiya berishni rejalashtirgan.













