Saudiyaning «An-Nasr» klubi hujumchisi Joau Felish «Barselona»ga qaytishni xohlamoqda. Bu haqda Diario Sport xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Felish «An-Nasr» bilan shartnomasini uzaytirishdan bosh tortib, kelasi yozda «Barselona»ga erkin agent sifatida o‘tish niyatida. Futbolchining agenti allaqachon kataloniyaliklarga Felishning istagi haqida ma’lum qilgan.
Avvalroq hujumchi Yevropaga qaytish va Chempionlar ligasida o‘ynashni xohlashini ochiq aytgan edi. Shu bilan birga, hozircha futbolchi va «Barselona» o‘rtasida muzokaralar olib borilmayapti.
Felish 2023/24 yilgi mavsumda «Barselona»da ijara asosida o‘ynagan. U bu davrda 44 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urgan va 6 ta golli uzatmani amalga oshirgan.













