«Vilyarreal» darvozaboni Peter Gulachi xalqaro tanaffusdan keyin «Santyago Bernabeu»da «Real»ga qarshi o‘tadigan La Liga uchrashuvi haqida fikr bildirdi.
«Men u yerda ikki marta o‘ynaganman. «Leypsig» bilan bir marta mag‘lub bo‘lganmiz va bir marta durang o‘ynaganmiz. Endi ilk g‘alabamni qo‘lga kiritishni istayman. Yaxshi natijaga umid qilyapmiz.
«Bernabeu»dagi o‘yindan keyin bizni juda qiyin uchrashuvlar kutyapti, bundan tashqari, Chempionlar ligasiga ham e’tibor qaratishimiz kerak. Biz muvaffaqiyatga erishishimiz shart, ammo hozir birinchi navbatda «Real» haqida o‘ylayapmiz.
Biz juda kuchli jamoaga qarshi maydonga tushamiz. Bu juda qiyin bo‘ladi. Barcha kuchimizni beramiz va ajoyib natijaga erishishga harakat qilamiz.
Biz «quruq» o‘yinlar sonini ko‘paytirishimiz kerak. Bu ustida ishlayotgan jihatlarimizdan biri va biz uchun ustuvor vazifa.
Darvozabon sifatida gol o‘tkazmasdan o‘yinni yakunlay olmaslik alam qiladi. Biz yanada ishonchli harakat qilishimiz kerak. So‘nggi ikki o‘yinda gol o‘tkazdik, ammo o‘yinimiz yaxshilandi.
Biz yanada barqaror jamoaga aylandik. Aynan shuni xohlayapmiz», — dedi vengriyalik futbolchi.
Yozda «RB Leypsig»dagi o‘n yillik faoliyatidan so‘ng «La Seramika»ga ko‘chib o‘tgan Gulachi «Vilyarreal»ning saviyasini ham yuqori baholadi.
«Jamoaning sifati meni juda hayratda qoldirdi. Men taqqoslash uchun yaxshi imkoniyatga egaman, chunki Germaniyaning uchinchi eng kuchli jamoasidan Ispaniyaning uchinchi eng kuchli jamoasiga keldim.
Bu ajoyib jamoa. Uning shiddati va sifati menda katta taassurot qoldirdi. Ayrim o‘yinlarda biz ko‘proq ochko olishga haqli edik.
Biz o‘sishda davom etyapmiz va shunga erishish uchun ishlayapmiz. Yo‘nalish ijobiy va shu tarzda davom etishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi Gulachi.













