Angliya terma jamoasining sobiq sardori Gari Lineker «Manchester Siti» Angliya Premyer-ligasining moliyaviy qoidalarini buzganini tan olishi va jazoni qabul qilishi kerak, deb hisoblaydi. U, shuningdek, yakunda klub avval qo‘lga kiritgan chempionlik unvonlaridan mahrum qilinishi mumkinligini ham istisno etmadi.
«Manchester Siti» 2009/10 mavsumidan 2017/18 mavsumigacha bo‘lgan to‘qqiz mavsum davomida liganing moliyaviy qoidalarini buzish bo‘yicha qo‘yilgan barcha ayblovlar yuzasidan aybdor deb topilgan. Bundan tashqari, klub tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani bilan bog‘liq to‘rt bandning uchtasi bo‘yicha ham aybdor deb topilgan.
Liga ma’lumotlariga ko‘ra, «Manchester Siti» qariyb 10 yil davomida daromadlarini sun’iy ravishda oshirish va xarajatlarini kamaytirish maqsadida «soxta» tijorat shartnomalaridan foydalangan. Bu mablag‘ning umumiy qiymati 900 million funtdan ($1,19 mlrd) oshgan. Mazkur davrda klub ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. «Siti» qaror ustidan shikoyat qilgan va hanuzgacha o‘zining aybsiz ekanini ta’kidlab kelmoqda.
«Everton», «Tottenxem» va «Barselona»ning sobiq hujumchisi Lineker ushbu mojaro klubning o‘ziga ham, umuman Angliya futboliga ham zarar yetkazayotganiga ishonch bildirdi. Uning fikricha, «Siti»ning aybini tan olishi ushbu mojaroga nuqta qo‘yishi mumkin.
«Shubhasiz, «Manchester Siti» uchun bu juda yomon ko‘rinadi, bu haqiqat. Bu futbol uchun ham yomon. Men «Siti» hozir shunchaki aybini tan olib: “Xo‘p, biz xato qildik. Futbol manfaati yo‘lida buni qabul qilamiz, har qanday jazoni qabul qilib, oldinga harakat qilamiz”, deganini istardim.
O‘ylaymanki, bu futbol uchun foydali bo‘lardi va hozir ularning obro‘sini biroz saqlab qolishga yordam bergan bo‘lardi. Garchi bu sodir bo‘lishiga ishonishim qiyin. Ammo bu zarar yetkazmoqda. Men ularning muxlislariga ham, futbolchilariga ham hamdardman», — deya Linekerning so‘zlarini Tribal Football keltiradi.
Linekerdan «Siti» bahsli davrda qo‘lga kiritgan APLdagi uchta chempionlik unvonidan mahrum qilinishi kerakmi, deb so‘ralganda, u shunday javob berdi:
«Ish shu tomonga qarab ketsa, hayron bo‘lmayman. Ammo yana bir bor aytaman: oxir-oqibat bundan kim jabr ko‘radi? Futbolchilar va muxlislar».
Yangi mavsumda beshta turdan so‘ng «Manchester Siti» 15 ochko bilan Premyer-liga jadvalida peshqadamlik qilmoqda.













