Myunxenning «Bavariya» klubi bosh murabbiyi Vensan Kompani jamoa vingeri Maykl Oliseni muvaffaqiyatga yetaklayotgan asosiy omillar haqida fikr bildirdi.
Fransiyalik futbolchi Germaniya grandi safida o‘tkazgan ikki yil davomida o‘zini jahon futbolidagi eng kuchli o‘yinchilardan biri sifatida namoyon etishga muvaffaq bo‘ldi.
Kompanining ta’kidlashicha, Oliseni boshqa futbolchilardan ajratib turadigan jihat faqat uning tug‘ma iqtidori emas. Balki o‘yinga bo‘lgan munosabati, mayda tafsilotlarga e’tibori va vaziyatni boshqalardan farqli ravishda baholay olish qobiliyati ham muhim ahamiyatga ega.
«Menimcha, bunday iqtidorga ega futbolchi doimo muvaffaqiyat qozonadi va eng yaxshilar qatorida bo‘ladi.
Ammo gap faqat uning iste’dodida emas. Bu yerda uning fikrlash tarzi va har bir mayda jihatga e’tibor qaratishi ham katta ahamiyatga ega.
U boshqalar payqamaydigan narsalarni ko‘ra oladi. Bu xususiyati hatto mashg‘ulotlar jarayonida ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Aynan shu sababli u allaqachon jahon futboli miqyosida o‘ziga xos futbolchiga aylandi», — dedi Kompani Sky Sport nashriga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, Maykl Olise joriy mavsumda «Bavariya» safida yettita uchrashuvda maydonga tushib, sakkizta gol urdi va to‘rtta golli uzatmani amalga oshirdi.
Shu tariqa, fransuz vingeri mavsumning dastlabki yettita o‘yinida jami 12 ta samarali harakat qayd etdi.













