Afrika futbol konfederasiyasi (CAF) tarkibiga kiruvchi barcha 54 ta milliy futbol assosiasiyasi FIFA prezidenti Janni Infantinoni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Mazkur qaror 2027 yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentligi saylovi arafasida qabul qilindi.
CAF prezidenti Patris Motsepening ma’lum qilishicha, Infantinoni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan qabul qilingan.
Motsepe buni FIFA rahbarining Afrika futboli rivojiga qo‘shgan hissasi bilan izohladi.
Janni Infantino esa so‘nggi o‘n yil davomida FIFA Forward dasturi orqali Afrika futboliga 1 milliard dollar sarmoya kiritilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur mablag‘lar qit’adagi 124 ta turli loyihaga yo‘naltirilgan.
«Biz Afrikani jahon futbolida eng yuqori pog‘onaga olib chiqish uchun zarur resurslarni izlash va moliyalashtirish hajmini oshirishda davom etamiz», — dedi FIFA rahbari.
Avvalroq Shveysariya milliy terma jamoasining sobiq himoyachisi Ramon Vega ham FIFA prezidentligi saylovida ishtirok etish niyatini ma’lum qilgan edi.













