Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/03 01:00 Arsenal 2-2 PSV
13/03 01:00 Aston Villa 3-0 Bryugge
13/03 01:00 Atletiko 1-0 Real Madrid
15/03 00:45 Jenoa - Lechche
15/03 01:00 Las-Palmas - Alaves
15/03 18:00 Valyadolid - Selta
15/03 19:00 Monsa - Parma
15/03 19:00 Udineze - Verona
15/03 20:00 Everton - Vest Xem
15/03 20:00 Ipsvich - Nottingem Forest
15/03 20:00 Manchester Siti - Brayton
15/03 20:00 Sautgempton - Vulverhempton
15/03 20:15 Malyorka - Espanyol
15/03 22:00 Milan - Komo
15/03 22:30 Vilyarreal - Real Madrid
15/03 22:30 Bornmut - Brentford

Fyodor Smolov: «Shunchaki, o‘zimga-o‘zim so‘z berdim…»

Fyodor Smolov: «Shunchaki, o‘zimga-o‘zim so‘z berdim…»

Baho:
+ | -

«Futbol» haftanomasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, «Krasnodar» klubi va Rossiya terma jamoasi hujumchisi mamlakatning 2016  yildagi eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olindi. Shu munosabat bilan nashr muxbirlari yangi laureatni maxsus suhbatga chorlashdi.

- Fyodor, 2016 yili Rossiya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘ldingiz, «Futbol» haftanomasi so‘rovida g‘olib chiqdingiz. Umuman, mamlakat futbolining eng yorqin yulduziga aylandingiz. Avvallari yangi yil oqshomida shulardan qay birini orzu qilgandingiz?

- Hech birini. To‘g‘ri, bolaligimda ko‘pchilik qatori o‘z orzumni qog‘ozga yozib, soat millari so‘nggi soniyalarni hisoblayotgan payt yoqib yuborardim. O‘sha orzularimdan birortasi hali ro‘yobga chiqqan emas. 2 yilcha avval esa, bu udumdan voz kechdim.

- Siz uchun asosiy voqea - bu gol. Aytingchi, 2016 yil davomidagi eng chiroyli golingiz qaysi?

- «Ufa» darvozasiga urganim. O‘shanda to‘pni ustimdan oshirgan holda yo‘llagandim. Menimcha, bu butun faoliyatimdagi eng chiroyli gol.

- Yana penaltini g‘ayritabiiy tarzda amalga oshirdinglar - Mamayev «nuqta»dan zarba berish o‘rniga to‘pni sizga uzatdi va darvozani osongina ishg‘ol qildingiz.

- Aslida bu kombinasiyani avvalgi mavsum rejalashtirgandik. Biroq «Terek»ka qarshi o‘yinga qadar Pasha ikkimiz maydonda bo‘lganimizda, penalti belgilangani yo‘q. Shu sabab, uzoq vaqt kutishga to‘g‘ri keldi.

- Qiziq, Mamayev hisobiga foydalanilmagan penalti yoziladimi yoki samarali uzatma?

- Samarali uzatma-da, albatta. Penalti jarima zarbasi, bunda uzatmani amalga oshirish o‘yin qoidasiga zid emas, to‘g‘rimi? U to‘pni oshirdi va men  gol urdim. Pasha bevosita zarba yo‘llamadi. Demak, buni foydalanilmagan penalti sifatida baholash noto‘g‘ri.

- Aytgancha, so‘rovda o‘zingiz kimga ovoz berdingiz?

- Promesga. So‘rovda bir yillik faoliyat nazarda tutiladi. Agar yarim yillik hisobga olinganida, Xalk yoki Julianoni tanlardim. Xullas, men yozgan uchlik quyidagicha: Promes, Dzyuba, Akinfeev.

- Bir paytlar «Tvitter»da «Smolov gol urdimi?» sarlavhasi paydo bo‘lgandi...

- To‘g‘ri, Sports.ru saytida esa shunday blog.

- Uni oxirgi marta qachon o‘qidingiz?

- Allaqachon olib tashlashgan. Lekin baribir, ajablanarli. Mana, Zoran Toshichni olaylik. U 2500 daqiqadan beri gol urmayapti. Ya’ni «quruq» seriyasi menikiga nisbatan ancha uzun. Qolaversa, Zoran yuqoriroq saviyadagi jamoa hujumchisi, SSKA yetakchisi. Nima uchundir u hech kimni qiziqtirmaydi, hamma mening daqiqalarimni hisoblash bilan ovora. Oldingi chiziqda muntazam to‘p surish imkoniyati bo‘lmagani, bor-yo‘g‘i 5ta uchrashuvni to‘liq o‘tkazganim va qolganlarida 10-15 daqiqa harakatlanganimni e’tiborga ham olishmagandi...

- Muxlislar sizni qanday tasavvur qilishlarini bilasizmi? Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Smolov degan rossiyalik futbolchi bo‘lgan ekan. U noyob iqtidor sohibi sanalsada, ancha vaqtgacha o‘z o‘yinini topolmabdi. Keyin birdan miyasida nimadir yarq etibdi-yu, g‘ayrat bilan to‘p sura boshlabdi. Natijada yil davomida urgan gollari 30tadan oshib ketibdi...

- Ha, miyamda nimadir yarq etgani rost. Ko‘plab hamkasblarim odatda bunday holatni qandaydir ayriliq yoki shaxsiy hayotdagi noxush voqealar bilan izohlashadi. Menda esa boshqacha. Omadsizlik shunchaki, hamiyatimga qattiq ta’sir etdi: «Nima, mahoratim yo‘qmi? Yoshlar jamoalarida hammadan ko‘p gol urardim-ku... Katta futbolda nima uchun o‘yinim qovushmayapti?» Xullas, shu kabi savollarga javob topish uchun o‘zimga o‘zim so‘z berdim: «Endi ishonchli to‘p surishim shart».

- Demak, tongda uyg‘onib, yangi hayot boshlashga qaror qilgansiz, shundaymi?

- Ko‘pchilik «Ural»ga o‘tib, o‘zgarganimni ta’kidlaydi. Aslida hammasi ancha avvalroq boshlangan. Lekin harakatlarim va qat’iy qarorim qisqa vaqt ichida samara bermasligini yaxshi bilardim. Sabr-toqat bilan ter to‘kishda davom etdim. Mehnatlarim zoye ketmaganini aynan «Ural»da tushundim. Qo‘shimchasiga, Aleksandr Tarxanovdek murabbiy rahbarligida o‘ynaganim qo‘l keldi. U menga hujumchi rolini topshirib, erkin to‘p surishimga imkoniyat yaratdi. Shuningdek, Fabio Kapelloning o‘gitlari ham oyoqqa turib olishimda muhim rol o‘ynadi.

- Kapello aynan qanday maslahat bergandi?

- Aslida u menda turlicha taassurot qoldirdi. Deylik, terma jamoaga chaqirardiyu, maydonga tushirmasdi: «Ha, hozircha o‘ynamayapsan. Lekin avvalo,  mashg‘ulotlarda o‘zingni ko‘rsat, shunda yana chaqiraman». 1,5 yil shu zaylda o‘tdi va murabbiy meni Braziliyaga olib bormadi. O‘shanda Kapello hech qachon o‘zimni ayamasligim zarurligini ta’kidlagandi.

- Rossiya termasining Yevro-2016dagi sust ishtiroki haqida nima deya olasiz?

- Bu borada aniq to‘xtamga kelish qiyin. Shaxsiy fikrimni bildirsam, biz o‘z imkoniyatlarimiz darajasida o‘ynolmadik. Aslida guruhdagi barcha raqiblarni yengishimiz mumkin edi. Biroq unutmaslik kerakki, 2015 yilning avgustida hamma jamoamizdan umid uzib ulgurgan, muxlislar Fransiyaga borolmasligimizga ko‘nika boshlagandilar. Sluskiy kelgach, ketma-ket 4ta uchrashuvda g‘alaba qozonib, yo‘llanmani qo‘lga kiritdik. Darvoqe, ko‘pchilik bizga Islandiya termasini ro‘kach qiladi. Xo‘p, bu jamoa o‘z tarixida ilk marta  buyuk natija qayd etdi. Ammo shunaqa jasoratni yana takrorlashiga kafolat bormi? Endi aytingchi, islandlar o‘yini muxlislarimizga yoqdimi? Nahotki, milliy jamoamizdan shunday futbol kutishsa?

- Tabiiyki, hamma terma jamoaning chinakam kurashishini istaydi. Muxlislar va futbolchilar o‘rtasidagi ziddiyatni sezyapsizmi?

- To‘g‘ri, qandaydir keskinlik, e’tirozlar bor. Ammo turli talablarni olg‘a surib, e’tiroz bildirayotgan aksar muxlislar professional futbolni to‘g‘ri tasavvur qilolmaydilar.

- Ha, fuqarolarning 90 foizi talablar o‘rinli emasligini yaxshi tushunadi. Lekin ular aynan shu yo‘l, ya’ni terma jamoani tarqatib yuborish talabi orqali o‘z noroziliklarini bildirishdi.

- Ochiq gapirsak, Rossiya qudratli futbol mamlakatlari qatorida emas. Demoqchimanki, bizdan xuddi Germaniya termasi erishayotgan natijalarni kutish - mantiqqa zid. Bu fakt. Lekin jamoamiz guruhdan chiqish uchun talab qilinadigan qudratga egaligiga ham shubhalanmayman. Umuman, e’tirozlarning bema’ni tabiatidan hayratga tushganim yo‘q. Yurtimiz shunaqa. Bu faqat futbolga taalluqli gap emas. Fuqarolarimiz o‘z shaxsiy hayotlaridan boshqa barcha jabhalarni tahlil qilishga ustalar. Ko‘zguga bir qarab, o‘zlariga savol berishni istamaydilar: «Men duch kelayotgan muammolarga kim aybdor? Bilim bergan o‘qituvchimmi yoki ota-onam? Balki murabbiy aybdordir?» Xullas, hech kim o‘zini aybdor sanamaydi. Ko‘chada turli kishilarga duch kelaman. Jumladan, taksi haydovchilariga. Ular vaqtida futbol bilan shug‘ullanganlarini aytadilaru, nima uchun professional darajaga ko‘tarilmaganlari haqida og‘iz ochmaydilar. Chunki mashg‘ulotlarda ter to‘kish o‘rniga yallo qilishgan, miriqib dam olishgan.

- Deylik, Uels termasiga alamli tarzda yutqazilgan o‘yindan so‘ng tunni qanday o‘tkazganingizni ayta olasizmi?

- Umuman uxlamadim. Keyin yigitlar bilan suhbatlashdik - faqat futbol haqida. Slovaklarga qarshi uchrashuvdan keyin ham futbol asosiy mavzuga aylangandi.

- Angliya termasi bilan o‘yin arafasida Marselda yuz bergan to‘qnashuvlardan xabardormidinglar?

- Ha, albatta. Aslida o‘yin arafasida boshqa narsalar to‘g‘risida o‘ylamaslikka harakat qilaman. Boz ustiga, yirik turnirda ilk marta ishtirok etayotgandim. Shu bois, biroz hayajonlandim hatto.

- Yana 3 yildan so‘ng o‘zingizni qanday tasavvur qilasiz?

- Angliya, Italiya, Ispaniya yoki Germaniyaning top-klublaridan biri a’zosi sifatida. O‘zimni tergab, jiddiy qaror qabul qilganimda, oldimga shunday maqsad qo‘yganman. Uni ro‘yobga chiqarish uchun kuchimni ayamayman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:38, 24.01.2017.
O'qildi: 4689 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.