Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Gerd Myuller sovrini» yoki 2016 yilning eng yaxshi to‘purarlari

«Gerd Myuller sovrini» yoki 2016 yilning eng yaxshi to‘purarlari

Baho:
+ | -

Barchamiz o‘rganib qolganmiz, yangi yil avvalida oldingi 12 oy mobaynidagi natijalar sarhisob qilinib, yakuniy xulosalar, statistik ma’lumotlar e’lon qilinadi. Shuningdek, turli-tuman reytinglar ham tuziladi. Bunday reytinglar tuzishning eng yoqimlisi esa shubhasiz, hujumchilar va gollarga bog‘liqligidir. Rossiyalik hamkasbimiz Andrey Kleshenok xuddi shu ishga qo‘l urib, yil davomida nisbatan ko‘proq gol urgan hujumchilardan terma jamoa tuzdi.

11. Fyodor Smolov - 31ta gol

Ro‘yxatdan negadir aynan Smolovning joy olishi va raqamlarga bog‘liq chalkashliklar mavjudligini turlicha izohlash mumkin. Masalan, reytingga faqat yil davomida 30tadan ortiq gol urgan futbolchilar kiritilgan. Qolaversa, rossiyalik hujumchilar doim ham yiliga o‘ttiztadan ortiq gol urishmaydi va Smolov buni uddalagan kamsonli hujumchilardan biri. Raqamlarga esa ortiqcha e’tibor qaratmagan ma’qul. Eng muhimi, Fyodor bir qator taniqli yulduzlar, misol uchun, Lakazett, Neymar, Belotti, Diyego Kostalardan ko‘ra yaxshiroq natija ko‘rsatdi. Demak, tanlov - adolatli.

10. Pyer-Emerik Obameyang - 34ta gol

Gabon futboli tarixidagi eng yaxshi hujumchi afrikalik boshqa hamkasblariga qaraganda, ancha barqaror va ulardan mahorati bilan ham yaqqol ajralib turadi. Obameyang bir necha mavsumdan beri bir tekis o‘yin ko‘rsatayotganini inobatga olsak, u endi faoliyatini yanada kuchliroq, yanada mashhurroq klubda davom ettirishga haqli. Buning ustiga, Obameyangning o‘zi ham bobosi (onasi tomondan) ispaniyalik bo‘lib, «Real»ga ishqibozlik qilganini tinmay uqtirib, keyingi rejalariga sal oydinlik kiritib berdi. Demak, qo‘rqmay aytish mumkinki, yozda u aniq Dortmunddan ketadi. Lekin hozircha u - «Borussiya»ning yaqqol yetakchisi. Kim biladi deysiz, ehtimol mavsum oxirigacha niyatiga yetib, nihoyat, to‘rtinchi urinishda gollari soni bo‘yicha Levandovskidan o‘zib ketar?

9. Antuan Grizmann - 36ta gol

Aftidan, dunyoning eng kuchli uch futbolchisidan biri sanalgan Antuan Grizmannga «ko‘z tegdi». Negaki, u o‘tgan yili bahorda to‘p bilan xohlagan ishini amalga oshirib, raqiblar darvozasiga ketma-ket gol urayotgandi. Bu fantastik sermahsullik Yevro-2016ga qadar davom etdi va final o‘yinidagi omadsizlik tufayli «Oltin to‘p»ni fransuzning asosiy raqiblaridan biri - Krishtianu Ronaldu ilib ketdi. Shundan so‘ng Grizmanning faoliyatida ham keskin pasayish kuzatilmoqda. U go‘yo «Atletiko» libosida o‘zini noqulay sezayotgandek...

8. Serxio Aguero - 37ta gol

«Manchester Siti» sharafini himoya qilayotgan to‘p-urar hujumchining mahoratiga aslida tan bermay ilojimiz yo‘q. Biroq uning terma jamoadagi ishlari ko‘ngildagidek emasligini ham ta’kidlash lozim. Chunonchi, «albiseleste»ning hujum chizig‘ida raqobat shunchalik kuchliki, natijada Aguero termadagi ko‘p vaqtini zaxirada o‘tkazmoqda. Misol uchun, u 2016 yili tug‘ilib-o‘sgan yurti uchun atigi bitta gol urdi. U ham bo‘lsa, bechorahol Panama termasi darvozasiga.

7. Gonsalo Iguain - 39ta gol

Albatta, barchaning yodida:  Iguain yilning birinchi yarmida «Napoli» libosini kiyib olib, «A» ceriyada hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Ayniqsa, Italiya chempionati yakunlanishi arafasida ketma-ket rekordlar o‘rnatdi. Shu bois, yoz kelishi bilan «Yuventus» shov-shuvli transferni amalga oshirib, Gonsaloni o‘z safiga qo‘shib oldi. To‘g‘risini aytish kerak, «Yuventus»dagi Iguain avvalgi to‘purarga unchalik o‘xshamayapti. Lekin muhimi, uning to‘p kiritishi «keksa sinyora»ga naq 15 ochko taqdim etdi. Boz ustiga, Iguainning hal qiluvchi gollari eng prinsipial raqiblarni ochkolardan mahrum qildi.

6. Edinson Kavani - 45ta gol

Nihoyat, Ibragimovichning kattakon soyasidan xalos bo‘lgan urugvaylik hujumchi Neapolda o‘tgan sermahsul yillarini yodga oldi va yangi mavsumda Yevropada hammadan ko‘p gol urmoqda. Uning «qayta yosharishi» esa tabiiyki, parijlik futbol ishqibozlarini rosa xursand qilyapti. Kim biladi deysiz, Kavani agar Unai Emeri bilan janjallashib qolmaganida, bundanda ko‘proq gollarni o‘z nomiga rasmiylashtirgan bo‘larmidi? Lekin muhimi shuki, hujumchi o‘zini hisobdan chiqarib qo‘yganlarni uyaltirishni uddalamoqda.

5. Robert Levandovski - 47ta gol

Polshalik hujumchi bejizga dunyoning eng kuchli forvardlari safida tilga olinmaydi. Zero u har doim barqaror o‘yin namoyish qilib, kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘lishni biladi va shu sababli o‘z hisobiga ketma-ket gollar yozib qo‘ymoqda. Mana, u so‘nggi mavsumda ham 47 marta mo‘ljalni aniq olib, Germaniya chempionatidagi barcha raqobatchilaridan o‘zib ketdi.

4. Zlatan Ibragimovich - 50ta gol

Ro‘yxatimizning to‘rtinchi o‘rnidagi shaxsni ortiqcha ta’riflash shart emas. Chunonchi, 35 yoshda APL to‘purarlari qatorida borish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Zlatan esa xuddi shu ishni uddalab, mavsum davomida jami 50 marta darvozabonlarni ranjitdi. Ahamiyatlisi, gollarning bari klub miqyosida urilgan bo‘lib, Ibragimovich bu borada birgina Messidan ortda qoldi.

3. Luis Suares - 51ta gol

Ochig‘ini aytganda, Luis Suares - gol «hidi»ni sezishda dunyodagi tengi yo‘q forvardlardan biri. Lekin Messi bilan bir jamoada o‘ynab turib, uni ortda qoldirish ham oson emas. Urugvaylik futbolchi o‘tgan mavsum avvalida bir tezlanish oldi-yu, keyin sal sustlashgandek ko‘rindi. Ammo «Barsa»ning yaxshi bir tomoni shundaki, bu yerda markaziy hujumchi to‘p bilan keragidan ham ortiq ta’minlanadi. Shu bois, Suares yildan-yilga o‘z natijalarini yaxshilab bormoqda.

2. Krishtianu Ronaldu - 55ta gol

Portugaliyalik «gol mashinasi» ortda qolgan 2016 yil davomida o‘zi istagan har qanday sovringa ega chiqdi. Ehtimol, shuning uchunmi, «Oltin to‘p»ni qo‘liga olar ekan, faoliyatidagi eng yaxshisi sifatida o‘tgan mavsumni e’tirof etdi. Yozda u Anri Delon kubogini boshi uzra ko‘targan portugaliyalik ilk sardorga aylandi. Zero hujumchi yil davomida terma jamoasi libosida 13ta gol urib, mamlakati sha’ni ko‘klarga ko‘tarilishiga yetarlicha hissa qo‘shgandi. Afsuski, u terma jamoa o‘yinlariga chalg‘ib, klubdagi natijalarini biroz yoddan chiqardi. Buning oqibatida, so‘nggi yillarda ilk bor gollarning umumiy soni bo‘yicha Messidan ortda qolib ketdi.

1. Lionel Messi - 59ta gol

Krishtianu Ronaldudan beshta o‘yin ko‘proq o‘tkazgan Messi azaliy raqobatchisidan to‘rtta ko‘p gol urdi va shu bois, reytingning birinchi o‘rniga joylashdi. Messi, ayniqsa, kuzda ajoyib futbol namoyish qilib, to‘purar hujumchi qanday bo‘lishi kerakligini barchaga ko‘rsatib qo‘ydi. Natijani esa ko‘rib turibsiz: 59ta gol va Messi - dunyoda tengi yo‘q forvard! Adolat yuzasidan eslatib o‘tish lozim, Lionel anchadan beri o‘zida bunday tuy­g‘uni his qilmagandi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:12, 24.01.2017.
O'qildi: 9300 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.