«Stok Siti» hujumchisi Piter Krauch yaqinda The Telegraph nashriga intervyu berdi. Suhbat chog‘ida u keyingi maqsadlari haqida gapirib o‘tdi.
- Eng yoqtirgan futbolchingiz kim?
- Braziliyalik Ronaldo. U bilan bir marta uchrashganmiz. Ta’tilni Ibisada o‘tkazayotganimda, mahalliy klublarning birida uchrashib qolganmiz. Ronaldo men foto so‘ragan yagona futbolchidir. Birga rasmga tushganmiz. Shunda «U mening kimligimni bilarmikan?» deb o‘ylab qolganman.
- Odatda, siz bilan rasmga tushishni istashadi. Yaqinda muxlislaringizdan biri APLdagi 400-o‘yiningiz munosabati bilan maktub yo‘lladi...
- Bu xuddi qirolichadan 100 yoshingiz uchun tabrik olishdek gap. Ushbu xatni Richard Skudamor yozgandi.
- Xayriya fondlariga ham ulush qo‘shib turasiz...
- Rafiqam «Ajoyib ibtido» xayriya fondi bilan yaxshi munosabatda. Jamg‘arma pullari imkoniyati cheklangan bolalarga sarflanadi. Chunki ularning har biri baxtli bo‘lishga haqli.
- 2002 yili «Aston Villa»ga qarshi uchrashuvda maydonga tushib, premyer-ligadagi debyutingizni nishonlagandingiz. O‘shanda yana 399ta o‘yinda maydonga tushaman, deb o‘ylaganmidingiz?
- Premyer-liga vakili bo‘lishdan million mil uzoqda edim, unda o‘ynashga tayyor emasdim. Aksariyat futbolchilar bunga 18 yoshlarida shay bo‘lishadi. Men esa 21ga to‘lgandim. Jismoniy jihatdan eng past ko‘rsatkichga ham yaqin yo‘lamasdim. Ammo chempionshipdagi o‘yinlarim yomon chiqmayotgandi. Bu yerda esa Toni Adams, Sol Kempbellarga qarshi o‘ynashga to‘g‘ri kelardi. Agar o‘shanda kimdir «APLda 400ta uchrashuv o‘tkazasan», deganida, o‘sha odamni yolg‘onchiga chiqarardim.
- Jismoniy holatingiz va bo‘yingiz haqida ko‘p gapirishadi...
- Maktab davridayoq tashqi ko‘rinishim ko‘pchilikda kulgu uyg‘otishiga o‘rganib qolganman. O‘shanda buni yuragimga yaqin olardim. Ba’zi paytlarda o‘zimga bo‘lgan ishonch ham yo‘qolib ketgan. Lekin Angliya sharafini himoya qilayotganda barchasini unutib yuborasiz. Milliy terma jamoadagi dastlabki uchrashuvimda o‘zimizning muxlislar menga nisbatan hushtakbozlik qilishgan. Bunday holatlarga ko‘p tushganman. Ammo nachora, har kimning o‘z fikri bor.
Kuchli xarakterga ega insonlar qurshovida ulg‘ayganman. Ulardan biri - otam Bryus. Shunday vaqtlar bo‘lganki, umidimni butunlay uzganman. Lekin atrofimdagilar menga ishonishda davom etishdi. Semirishim, hech narsani yuragimga yaqin olmasligim kerak edi. Shu tariqa meni mazax qilganlarga munosib javob qaytarishni o‘rgandim.
- Sizni Kasabian konsertida ko‘rishdi. Shu guruhga muxlislik qilasizmi?
- Haqiqatan ham Kasabian ijrosidagi qo‘shiqlarni yoqtiraman.
- Garchi 35 yoshga kirgan bo‘lsangizda, «Stok Siti» mashg‘ulotlarida 12 yoshli yigitlardek shug‘ullanasiz. Bu qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?
- Faoliyatimni endi boshlaganimda ko‘pchilik 31 yoki 32 yoshidayoq yakunlaydi, deb o‘ylagan. Lekin bunga mutlaqo ahamiyat bermaganman. Har kuni mashq qilaman va bu menga yoqadi. To‘pni darvozaga yo‘llagandagidek yoqimli hissiyot bo‘lmasa kerak.
- Faoliyatingiz davomida ko‘plab chiroyli gollar urgansiz. Eng esda qolarlisi qaysi?
- Umuman olganda, har bir golimni eslayman. Ayniqsa, 2012 yili «Manchester Siti» darvozasiga kiritgan to‘pim yodda qolgan. Bir hafta oldin «Blekbern» darvozasini ham shunday uslubda ishg‘ol qilishim mumkin edi. Ammo kiper zarbani qaytardi. Onam tomonidan qarindoshlarim «Manchester Siti» muxlislaridir. O‘shanda ularning barchalari stadionda o‘rnilaridan turib ketishgan ekan. Chindan ham bu gol juda chiroyli chiqqan.
- APLda yuzlik dovonini bosib o‘tish uchun sizga yana to‘rtta gol kamlik qilyapti. Hozirda ko‘proq zaxiradan maydonga tushyapsiz. Bu yubiley to‘pingizni kiritishingizga xalal bermaydimi?
- Yoshligimdan tezkor futbolchi bo‘lmaganman. Shunday ekan, tezligim yo‘qolib qoldi, deb xavotirlanmayman. Yaqinda «Stok» murabbiyi Mark Xyuz bilan gaplashdim. 40 yoshigacha futbol o‘ynagan ushbu mutaxassis yuzlik marrani zabt eta olishimga ishonchi komil ekanini aytdi. Xuddi haqiqiy italyanlardek yaxshi ovqatlanishni xush ko‘raman. Semirish uchun yozda duch kelgan narsani tanovvul qilaman. Ammo mashg‘ulotlar boshlanishi bilan yana o‘z holimga qaytib qolaveraman.
- Hozir «naushnik»lar urfga kirgan. Bunga munosabatingiz qanday?
- Oldinlari futbolchilar bir-birlari bilan ko‘p muloqot qilishardi. Ammo portativ DVDlar chiqqanidan so‘ng barchasi o‘zgarib ketdi. Hamma «naushnik» taqib olib, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoldi. Ammo «Stok»da hamon qarta klubi bor. Qaysidir ma’noda, bu futbolchilarning muloqot qilishlariga zamin yaratadi.
- Futbol ham o‘zgardimi?
- Hammasi modada. Darvozabonlar xuddi liberodek o‘ynay boshlashdi. Yarim himoyachilar esa mushaklarini ko‘z-ko‘z qiladigan bo‘lishdi. Joriy mavsum 3 nafar markaziy himoyachi va vingbeklar bilan o‘ynash urfga kirdi. Lekin futbolda men kabilarga hamisha joy topiladi.