Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Maqsadli va maqsadsiz «Paxtakor»

Maqsadli va maqsadsiz «Paxtakor»

Baho:
+1 | -

O‘tgan mavsumda «Paxtakor» tarkibida eng ishonchli o‘yin ko‘rsatgan Jaloliddin Masharipov yangi mavsumni «Lokomotiv»da boshlaydigan bo‘ldi. G‘alati transfer. Shaxsan menga ikki hissa g‘alati bo‘lib ko‘ringani futbolchining ijaraga berilgani. Har doim o‘z oldiga yuqori ambisiyalarni qo‘yadigan klubning yetakchilaridan birini asosiy raqibiga berib yuborishidan maqsadi nima?

«Lokomotiv»ni tushunish mumkin. Jamoa o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ymoqda. Osiyoda ham aytarli natija qilish uchun ikkita teng kuchli tarkibni yig‘ishga harakat qilinyapti. Masharipovning sotib olinishi Sardor Mirzayev bilan munosib raqobatni yuzaga keltirishi va bu ikkala futbolchining ham o‘sishida yordam berishi mumkin. Xo‘p, «Lokomotiv»da maqsad aniq. Lekin «Paxtakor»dachi?

Bir qarashda tushunarsiz ko‘ringan transfer aslida «Paxtakor»ning aniq maqsadli rejasi asosida amalga oshgan bo‘lishi ham mumkin. Hammasi oddiy, «Paxtakor» bu yil Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etmaydi. Jamoa porlab chiqayotgan, yaxshi o‘ynayotgan futbolchilarni chetga sotishi uchun uni birinchi navbatda reklama qilishi kerak. Buning uchun «Paxtakor»da bu mavsumda deyarli hech qanday imkoniyat yo‘q. O‘zbekiston chempionati va kubogidagi o‘yinlar (ayniqsa bugungi saviyadagi) orqali birorta kuchliroq klubning e’tiboriga tushib bo‘lmaydi. Osiyo chempionlar ligasi esa, hech bo‘lmasa, qit’aning o‘zida mo‘may pul taklif qiladigan jamoalar uchun futbolchini reklama qilish imkoniyatini beradi. Shu ma’noda «Paxtakor» futbolchini to‘liq sotmasdan turib ijaraga bergan bo‘lishi mumkin.  Xo‘p, bunisiyam tushunarli. Ammo aslida jamoaning, O‘zbekistonning eng ko‘p karra chempioni bo‘lgan jamoaning maqsadi faqat shumi?

Masalan shaxsan menda, «Paxtakor» deganda, doim chempionlik uchun kurashadigan, har qanday sharoitda ham o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadigan, O‘zbekistonning eng ambisiyali jamoasi ko‘z oldimga keladi. O‘tgan yili jamoa so‘nggi yillardagi o‘zining eng yomon mavsumini o‘tkazdi. Chempionlik tugul, OCHLga beriladigan yo‘llanma ham boy berildi. Bu men yuqorida aytgan eng ambisiyali jamoa uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi kerak. Eng kamida jamoada «sportcha g‘azab» uyg‘onishi lozim. Omadsiz mavsumdagi kamchiliklar o‘rganilishi, tarkib kuchaytirilishi va lozim topilsa, murabbiylar shtabi almashtirilishi yoki shunga o‘xshagan infratuzilmada qandaydir o‘zgarish bo‘lishi kerak. Fikrimcha. Lekin bugungi chiqqan xabar eng kamida men kutgan birorta jarayonga mos kelmayapti. Qani bu yerda jamoaning o‘tgan mavsumdan chiqargan xulosasi? Qani bu yerda biz sog‘ingan haqiqiy «Paxtakor»ning sportcha g‘azabi? Qani bu yerda «Vatan, ota-ona va «Paxtakor»dan boshqasini istagan paytida o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan sodiq muxlisning hurmati? Yoki  «Paxtakor» o‘z an’analaridan voz kechib, chempionlik va OCHL yo‘llanmalari uchun kurashish o‘rniga futbolchi yetishtirib, uni sotib o‘zini-o‘zi ta’minlaydigan klub sifatida davom etmoqchimi?

To‘g‘ri, moliyaviy imkoniyatlar sabab so‘nggi yillarda «Paxtakor» klub tarbiyalanuvchilarini yetishtirib, keyinchalik ularni sotish orqali o‘zini-o‘zi ta’minlash siyosatini qo‘llashiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu borada klubni O‘zbekistondagi istalgan jamoaga o‘rnak qilib ko‘rsatish mumkin. Lekin yangi mavsum oldidan jamoa Oliy ligada o‘ziga raqobatchi bo‘lgan klubga yetakchisini ijaraga berib yuborgani meni chalg‘itib yuboryapti, to‘g‘risi. Savollar shunga ko‘payib ketgandir, balki.

Keling, hisoblab ko‘ramiz. Taxminan O‘zbekiston sharoitida bir futbolchining transferini 80-100 ming dollar atrofida deylik. Agar futbolchi ijaraga beriladigan bo‘lsa, bu summa taxminan 4-5 baravarga qisqaradi, deb hisoblaymiz. Taxminiy hisob-kitoblarimiz bo‘yicha «Paxtakor» Masharipovni ijara berish orqali 20-25 ming dollar ishlab topgan bo‘lsin. Ha, boring ana, biz ikki hissaga adashgan bo‘lib, 40 ming dollar jamoa hisobiga kelib tushgandir. Chempionlik yoki kamida OCHL yo‘llanmasi uchun kurashadigan jamoa uchun yetakchisini raqobatchisiga berib yuborishi uchun arziydigan pul bo‘ladimi bu? «Lokomotiv» balki arzirli pul bergandir, lekin bundan jamoa sport ambisiyalari uchun nima yutadi? Qaytanga bu kuchsizlanish evaziga jamoa uchun keyingi yili ham OCHLdan quruq qolishi xavfi oshmaydimi? «Buxoro»da o‘zgarishlarni eshityapmiz, «Bunyodkor» har doimgidek transferlar vaqtida faol, «Nasaf» OCHLda ishtirok etganidan keyin o‘z-o‘zidan qarab turmayapti. Bunaqa vaziyatda «Paxtakor» nimaning evaziga o‘z maqsadlariga mos natijalarga erishishi mumkin, kechirasiz, bunga tasavvurlarim torlik qilyapti. O‘tgan yilgi tarkib Masharipov hisobiga sezilarli kuchsizlanyapti. Hali «Paxtakor»ning o‘yinini kuchaytirib yuboradigan transferi haqida eshitmadim. [«Oriyat Dono»da] Aytishlaricha, jamoaga Babayan qaytayotgan emish va bu deyarli rasmiy ma’lumot ekan. Xo‘p, yarim xayoli terma jamoada bo‘lgan murabbiyning qaytishi bilan jamoa birdaniga kuchayib qoladimi? Shumi jamoaning kuchayishiga xizmat qiladigan sabab? Yoki hamma narsani kutishimiz mumkin bo‘lgan Oliy ligamizda chempionlik (OCHL yo‘llanmasi) uchun kurashish uchun tarkib va futbolga bog‘liq boshqa omillarini kuchaytirmasdan turib ham maqsadga erishishning boshqa yo‘li bormi? (Uzr aytmoqchi bo‘lgan gapimdan savollarim ko‘payib ketyapti, yana).

Mavsum boshlanishiga bir oydan ko‘proq vaqt bor. Bu oraliqda qanaqa o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, buni men bilmayman. Gap birgina futbolchining ketishida ham emas. Masharipov qanchalik zo‘r bo‘lmasin, u Messimaski, butun jamoani o‘z ortidan ergashtirib yursa. Aytmoqchi bo‘lganim, o‘tgan yili o‘z darajasidan past natija ko‘rsatgan jamoaning kuchayish o‘rniga boshqa yo‘lni tanlayotgani g‘alati ko‘rinmoqda. Balki, «Paxtakor»da Masharipov ketgach, uning o‘rnida boshqa futbolchi ochilib ketib, o‘zini ko‘rsatar, Jasur Yaxshiboyev yoki shu kabi  biz tanimagan akademiyaning boshqa bir futbolchisi qisqa davrda fantastik futbol ko‘rsatib, jamoani butunlay o‘zgartirib yuboradigan darajaga chiqar. Ammo bu bor-yo‘g‘i ehtimoli kam bo‘lgan farazlar. Hozir ishonishim mumkin bo‘lgan eng to‘g‘ri faraz bu «Paxtakor» chempionlik (OCHL yo‘llanmasi) uchun kurashadigan jamoa emas, masharipovlarni chetga sotadigan, ularni pullash uchun kerak bo‘lsa,  OCHLda qatnashadigan asosiy raqobatchisiga ham yetakchi futbolchisini ijaraga berib yuboradigan klub sifatida qoladiganga o‘xshab ko‘rinmoqda. Boshqachasini tushunmayapman.

twitter.com/murodov_

Manba: tribuna.uz
Kiritildi: 16:00, 31.01.2017.
O'qildi: 10737 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.