Yuqori maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi qizg‘in tarzda Oliy liga-2017ga hozirlanmoqda.
Jamoaning ayni paytdagi tayyorgarlik jarayoni Turkiyada davom etayotganidan xabaringiz bor. “Neftchi” klubi ushbu yig‘inda bir qator muhim shu bilan birgalikda xar taraflama foydali bo‘lgan bellashuvlarda ishtirok etmoqda. Murabbiylar shtabi mazkur o‘rtoqlik o‘yinlari orqali jamoa o‘yinini kuchaytirish, futbolchilarning ham texnik ham jismoniy imkoniyatlarini yanada keng tarzda ochib berish shuningdek tarkibga yangi kelib qo‘shilgan futbolchilarni jamoaga kirishib ketishi kabi jihatlar ustida ishlashmoqda. Umuman olganda mavsumning xar bir bahsida kuchli va barqaror o‘yin namoyish etadigan jamoa o‘zagini shakllatirishga katta urg‘u berilgan. Kuni kecha “Neftchi” FK yig‘indagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Ukrainaning “Dnepr” Cherkass klubiga qarshi kechgan raqobatda Andrey Fyodorov shogirdlari g‘alabaga erishishdi.
Bahs taqdirini Nikita Pavlenko tomonidan kiritilgan gol hal etdi. Bu gol Nikitaning xorij yig‘inidagi yana bir goli sifatida futbolchining statistikasidan joy oldi. Kiritilgan gol Furqat Hasanboyevning qanotdan tezlik bilan oldinga o‘tishi bilan boshladi. Himoyachining qanotdan havolatib tashlab bergan to‘pini Sherzod Hakimov boshi bilan Pavlenkoga yo‘naltirib berdi. Nikita esa mazkur vaziyatda darvoza tomon mohirlik bilan zarba yo‘lladi va hisobni ochdi. “Neftchi” o‘yinda quyida tarkibda o‘ynadi.
Asosiy tarkib: O‘tkir Yusupov, Terentiy Lusevich, Sergey Konsevoy, Dilyor Irmatov, Furqat Hasanboyev, Javohir Rasulov, Muzaffar Muzaffarov, Abbos Maxstaliyev, Nikita Pavlenko, Dmitriy Komarovskiy, Sherzod Hakimov
Zaxiradan maydonga tushganlar: Sardor Qulmatov, Abdurahmon Abdulhaqov, Said Abdujabborov, Damir Nizanov, Abdujamol Isroilov, Mo‘ydin Mamazulumov, Umid Qodirov
Navbatdagi o‘rtoqlik bahsi 17 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Galdagi raqib Ukrainaning “Stal” Dneprodzerjinsk jamoasi hisoblanadi.