Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Vadim Abramov: «Buxoro»ga mutlaqo aloqam yo‘q»

Vadim Abramov: «Buxoro»ga mutlaqo aloqam yo‘q»

Baho:
+ | -

Yaqin bir oydan buyon o‘zbek futbolida shov-shuvli bir yangilik aylanib yuribdi - Vadim Abramov «Buxoro» murabbiylar shtabida ish boshlabdi! Ammo shunisi qiziqki, o‘tgan bir oylik davrda hech bir manba bu xabar rasman tasdiqlamadi. Tabiiyki, O‘zbekiston terma jamoasi bilan Osiyo Kubogida eng yaxshi natija qayd etgan murabbiyning faoliyatiga bo‘lgan qiziqish katta. Shuni inobatga olgan holda, muxbirimiz Vadim Abramov bilan shaxsan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritishga qaror qildi.

- Vadim Karlenovich, shubhasiz, so‘nggi paytlarda sizga berilayotgan savollarning aksariyati «Buxoro» klubi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Biz ham shu masalaga aniqlik kiritib olmoqchimiz: aytingchi, «Buxoro»da maslahatchi-murabbiy sifatida ish boshlaganingiz rostmi?

- Avvalboshdan ta’kidlab qo‘yay: bunday xabarlar hech qanday asosga ega emas. Men ayni vaqtda hech bir klubda ishlamayapman va «Buxoro»ga ham hech qanday aloqam yo‘q. Ko‘pchilikka ma’lum, «Buxoro»da klub bosh murabbiyi sifatida Ulug‘bek Baqoyev ish boshlagan va unga Baxtiyor Ashurmatov yordam bermoqda. Hayronman, chindan ham oxirgi vaqtlarda menga tinimsiz qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, odamlar «Buxoro»da ish boshlaganim bilan tabriklashyapti. Ammo aslini olganda, men hech qayerda ishlamayapman.

- Qiziq, ammo yaqinda Buxoro shahriga borganingiz va klubdagi sharoitlar bilan tanishganingiz haqida ma’lumot berilgan edi...

- Ha, darhaqiqat shunday bo‘lgan. Lekin men qadimiy shaharga «Buxoro» bilan shartnoma imzolash uchun bormagandim. Shunchaki, klubdan taklif bo‘ldi, men esa rahbariyat bilan gaplashib olish uchun u yerga bordim. Qolaversa, taklifni qabul qila olmasligim avvaldan ma’lum edi, chunki buxoroliklar va’da qilgan shart-sharoitlar mening rejalarimga to‘g‘ri kelmadi. Yana bir jihati, taklif kutilmaganda paydo bo‘ldi. Mavsum boshlanishiga esa juda oz fursat qoldi, xolos. Mana shu qisqa vaqt ichida ko‘p ishlarni bajarishga to‘g‘ri kelardi. Boz ustiga, yaqin qarindoshimlarimdan biri ayni paytda Moskvada davolanmoqda va «Buxoro»ga chaqirishganda, Rossiya poytaxtiga jo‘namoqchi bo‘lib turgandim. Buxoroliklarga Toshkentda turib darhol rad javobini berish odobdan bo‘lmas edi, shuning uchun u yerga shaxsan borib, vaziyatni batafsil tushuntirishni istadim. Xullas, bor gap shu.

- Xo‘sh, unda Ulug‘bek Baqoyevning nomzodini «Buxoro» rahbariyatiga siz tavsiya qilganingiz haqida gap-so‘zlar-chi?

- Mana bunisi endi haqiqat. Chindan ham, shaxsan men Baqoyevni iqtidorli futbol deb bilaman va uning nomzodini klub mutasaddilariga tavsiya qildim.  Ulug‘bek faoliyati davomida bir qator kuchli murabbiylar qo‘l ostida tajriba to‘pladi. Boz ustiga mahalliy sharoitdan ham yaxshi boxabar. Bu esa «Buxoro»ga qo‘l kelishi mumkin.

- Klub tomonidan berilgan xabarda Ulug‘bek Baqoyev bosh murabbiy bo‘lishi va siz unga o‘z maslahatlaringiz bilan yordam berishingiz aytilgan edi...

- Ha, avvaliga shunday rejani ham ko‘rib chiqdik. Biroq yuqorida keltirilgan sabablar tufayli, bu menga to‘g‘ri kelmadi. Bu yoqda esa mavsum boshlanishiga oz fursat qolgan, vaqt tig‘iz. Bunday vaqtda bir soniyani ham yo‘qotmaslik lozim. Menda esa o‘sha soniyaning o‘zi yo‘q, hisobi.

- Ulug‘bek Baqoyev yaxshi futbolchi bo‘lgan, buni tan olamiz. Biroq murabbiylik tajribasi katta emas. «Buxoro»dek o‘z oldiga yuqori maqsad qo‘yadigan jamoani boshqarishga Baqoyevning qurbi yetarmikan?

- Ulug‘bek uchun bu juda katta imkoniyat. U mana shu imkoniyatdan foydalana olishiga ishonaman. Bu yog‘iga endi Baxtiyor Ashurmatov bilan maslahatlashib ish olib boraveradi. Chunonchi, Ashurmatov oliy liganing ba’zi klublarida ishlab, tajriba oshirishga ulgurdi.

- Mabodo, klub yuqori natijalarga erishib, chempionlikni qo‘lga kiritsa, bunga qanday munosabat bildirasiz?

- Vaqtlar kelib, «Buxoro» muvaffaqiyatga erishishiga ishonaman, biroq o‘sha g‘alabalarda mening hissam mutlaqo bo‘lmaydi. Chunki men klubga bevosita ustozlik qilmayapman. Bilasizmi, har qanday murabbiy uchun uning ishini qadrlashlari katta ahamiyatga ega. Kimdir klubni boshqarsayu, u yerdagi o‘zgarishlarni boshqa inson nomi bilan bog‘lasalar, noto‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun ham muxlislarda yolg‘on taassurot paydo bo‘lishini istamayman.

- Avvalgi suhbatlarimizda ayt­gandingizki, imkoni boricha, poytaxt klublarida ishlashni istaysiz. Hali ham shu fikrda turibsizmi?

- Albatta. Iloji boricha Toshkent­da qolishni va shu yerda ishlashni xohlayman.

- O‘tgan mavsum Toshkent jamoalaridan birini boshqarishni istamagandingiz (gap «Obod» klubi haqida ketmoqda - tahririyat izohi). Qolgan uch klub: «Lokomotiv», «Bunyodkor» va «Paxtakor»lardan taklif tushishi esa ancha qiyin...

- Bo‘lishi mumkin... Ammo men ham hech qayerga shoshilayotganim yo‘q. Eng avvalo, barcha klublarimizga omad tilayman va ularning ishlari doim ko‘ngildagidek kechishini istayman. Lekin kimgadir, qachondir yordamim kerak bo‘lib qolsa, men doim ko‘makka tayyorman.

- Men ayni vaqtda hech bir klubda ishlamayapman va «Buxoro»ga ham hech qanday aloqam yo‘q. Hayronman, oxirgi vaqt­larda menga tinimsiz qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, odamlar «Buxoro»da ish boshlaganim bilan tabriklashyapti.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 18:10, 18.02.2017.
O'qildi: 13122 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.