Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ilhom Mo‘minjonov: "Yangi o‘yinchilar bilan faxrlanaman"

Ilhom Mo‘minjonov: "Yangi o‘yinchilar bilan faxrlanaman"

Baho:
+ | -

"Navbahor" bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov yangi mavsum oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

YANGI O‘YINCHILAR BILAN FAXRLANAMAN

Birinchi navbatda viloyat hokimi Xayrullo Xayitboyevich Bozorovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bizga shunchalik sharoitlar yaratib berayotganidan xursandman. Negaki, men xohlagan va istagan futbolchilarni jamoaga olib kelish uchun barcha yordamlarni berdi. Albatta, yangi mavsumda 2016 yilgi chempionatga qaraganda mazmunliroq o‘yinlar ko‘rsatib, yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Bu yil safimizga qo‘shilib, “Navbahor” bilan shartnoma imzolagan futbolchilar bilan faxrlanaman va mening ularga bo‘lgan ishonchim juda baland.

TAYYORGARLIKDAN KO‘NGIL TO‘Q

Qishki yig‘inimiz haqida gapiradigan bo‘lsam, biz ikki oy mobaynida “O‘zbekiston” mehmonxonasida yashadik. Shu ikki oy ichida 11 ta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdik. Bemalol aytishim mumkinki, tashkil etgan yig‘inlarimizdan ko‘nglim ancha xotirjam bo‘ldi. O‘ylaymanki, futbolchilarimizning chempionatga ko‘rgan tayyorgarligi puxta bo‘ldi. Qisqa qilib aytganda, mening ko‘nglim to‘ldi.

NAMANGANDA UZOQ VAQT ISHLAMOQCHIMAN

"Navbahor” klubiga faqat yaxshi niyatlar bilan kelganman. O‘zingiz ham bilasiz, Namanganga o‘tgan yili mavsum tugashiga ikki tur qolganida kelgandim. O‘sha paytda ko‘pchilik mutaxassislar va ustozlarim mening bu qarorimdan hayron bo‘lib, qayerga ketyapsan, Namanganda ishlash juda og‘ir deb gapirishgandi. Bu yil o‘zimiz istagan o‘yinchilarni taklif etdik, men ularga juda ishonaman. Shu o‘tgan ikki oy ichida o‘z taktikamizga ega bo‘ldik. Umid qilamanki, o‘tgan yilgiga qaraganda, yangi mavsumda yaxshiroq o‘yinlar ko‘rsatib, natijalarimiz ham shunga yarasha bo‘ladi. Niyatim juda katta. “Navbahor”da uzoq yillar davomida ishlagani kelganman.

SAIDOV, YOVANOVICH VA SOLIYEV HAQIDA

Men uchun Mansur Saidovning jamoamizga jalb etilishi ancha og‘ir jarayon bo‘ldi. Chunki u “Qizilqum” jamoasi bilan muzokara olib borayotgan ekan. Lekin shunga qaramay, baribir Saidovni o‘z safimizga jalb qilishga erishdik. To‘g‘ri, qolgan futbolchilarni taklif etish ham oson bo‘ldi deya olmayman. Biroq ularga qaraganda, Mansurni taklif etish hamda safimizga qo‘shilishi qiyinroq kechdi. Futbolchining yangi mavsumda “Navbahor”ga katta yordami tegadi. Moliyaviy masalalar yaxshi-ku, ammo hamma joyda ham pul rol o‘ynamaydi. Bilasizmi, jamoamizdagi hozirgi futbolchilar bilan dekabr oyidayoq muzokara o‘tkazib bo‘lganman. Boya aytganimdek, birgina Mansur Saidov masalasida biroz kelishmovchiliklar bo‘lib qoldi. Vaholanki, u bilan ham dekabrda gaplashganman. Baribir yanvar oyi oxirlarida yana safimizga qo‘shildi. Yovanovichni u qadar katta mablag‘ evaziga olganimiz yo‘q. “Qizilqum” to‘laydigan pulning yarmiga kelishdik. Biz uning o‘zi bilan o‘zaro kelishgan holda shartnoma imzoladik. Soliyev “Navbahor”da sport direktori bo‘lib ishlayapti. Uni klubga shaxsan o‘zim taklif qildim. Anvarning mahorati qanchalik ekanligini juda yaxshi bilaman. Shuningdek, futbolga qanday ko‘z bilan qarashini yaxshi bilganim uchun ham taklif etdim. U albatta menga yordam beradi. Shu bilan birga “Navbahor”ning istiqbolli rejalarining amalga oshishida o‘z hissasini qo‘shadi.

MURABBIYLAR SHTABI

Murabbiylar shtabi xususida to‘xtaladigan bo‘lsam, Vladimir Andreev, Sherzod Sharipov va Jamshid Umarov menga yaqindan yordam berishyapti. O‘tgan yilgi murabbiylar shtabidan birgina Durbek Umaraliyevni olib qolganman. U bizda beshinchi murabbiy bo‘lib qoldi. Biz mana shu shtab bilan birgalikda ishlaymiz va plyus Anvar Soliyev!

MAHALLIY O‘YINCHILAR

Dekabr oyida amalga oshirgan katta ishlarim – bular Jahongir Mehmonov, Mirzohid G‘ofurov va G‘iyos Komilov bo‘ldi. Bu futbolchilar bilan o‘sha paytda muzokara olib bordik va 80 foizga ishlarni hal qilib qo‘ygandik. Namanganlik ushbu o‘yinchilarni qaytarganimizdan juda xursand bo‘ldim. Ularning “Navbahor”ga katta yordamlari tegishiga ishonchim komil. Shuningdek, o‘tgan yilgi tarkibdan uchtasini – Dilshod Jabborov, Tohir Shamsitdinov va A’zam Aliyevni olib qoldim.

O‘TGAN YILGI TARKIB VA MAHMUDOV HAQIDA

Ha, o‘sha tarkibning kuchi yetmasligini sezgandim, - deya tasdiqladi murabbiy. – Men o‘z qarashlarim bo‘yicha boshqa o‘yinchilarga ishonch bildirdim. Shuning uchun ko‘p futbolchilar bilan xayrlashishga to‘g‘ri keldi. Jahongir Mehmonov, Alisher Samatov, Mirzohid G‘ofurov, Andrey Sidorov, Mansur Saidov, Oybek Qilichev, G‘iyos Komilov, Nemanya Yovanovich, Darko Stanoyevich kabi futbolchilar oldida ularning zaxirada o‘tirib qolishini istamaganim uchun o‘zlariga boshqa klublar topishini aytdim. Namanganlik ishqibozlarga esa doim sog‘lik tilayman va hamisha “Navbahor”ni qo‘llab-quvvatlashlarini istayman.
Alisher jamoamizda bir oy davomida shug‘ullandi va o‘rtoqlik uchrashuvlarida gollar ham urdi. Mahmudovni kuchli futbolchi deb hisoblayman. Men uning jamoamiz zaxirasida o‘tirib qolishini xohlamadim. Shu sababli unga o‘zi uchun boshqa jamoa qidirishini taklif qildim. Bilaman, Mahmudovga o‘xshab standart vaziyatlarini va xavfli zarbalarni ajoyib tarzda yo‘llay oladigan o‘yinchilar kam. Men uni juda hurmat qilaman. Alisherning keyingi faoliyatida omad tilayman. To‘g‘ri, ko‘p mutaxassislar ushbu o‘yinchiga javob berib yuborganimga hayron bo‘lishdi. Alisherni zaxiramizda o‘tirishini istamaganim uchun ham ketishini istadim. Chunki bizda uning pozisiyasida o‘ynay oladigan futbolchilar bor.

Manba: lochinlar.uz
Kiritildi: 11:49, 02.03.2017.
O'qildi: 6772 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.