Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Lutfullo Tursunov blogida: Immunitet. “Barselona”ni endi to‘xtatib bo‘ladimi?

Lutfullo Tursunov blogida: Immunitet. “Barselona”ni endi to‘xtatib bo‘ladimi?

Baho:
+ | -

Luis Enrikening hayoti bilan hech qiziqib ko‘rganmisiz? U o‘z jismi va irodasini shunchalar ayovsiz sinovdan o‘tkazganki, yoqa ushlaysiz. Bir qarashda futbol mutaxassisi uchun umuman keraksiz sinovlar. Yuzlab kilometrga sahro bo‘ylab marafoncha yugurish, kilometrlab masofaga suvdan suzib o‘tish, velomarafon...

U futboldagi faoliyatida muvaffaqiyatga erishish uchun bu sinovlarga yuzlanmagani aniq. Ammo aynan shu toblangan xarakteri va irodasi “Barsa”dagi yutuqlarida aks berdi. Taktik daho bo‘lmasligi mumkin, ammo daho yetakchi u! O‘zini va jamoasini qiyin sinovga tushirib, shu sinovni yengish orqali ulkan energiya oladigan va yonidagilarga yuqtira oladigan inson u. Murabbiyligining dastlabki mavsumida vaziyatni jamoadan haydalish darajasigacha “tupik”ka olib borgan, ammo futbolchilarni shu orqali “uyg‘otib”, yakunda barcha sovrinni yutib ketgan mutaxassis u!

Kecha yana o‘sha manzara takrorini ko‘rmadikmi? Aslida, PSJdan birinchi o‘yinda durang yoki kichik hisobdagi mag‘lubiyat bilan qaytilishi va javob o‘yinida “dejurniy” g‘alaba qozonib keyingi bosqichga chiqilishi mumkin edi. Lekin mavsum boshidan arimayotgan “jamoaviy pasayish” bir kun pand berardi baribir. Albatta, 4-0 atay qilinmadi, shunchaki, Enrike odatdagidek o‘zini o‘ta mushkul holatga tushirib qo‘ydi. Va o‘sha yerda taqdirga tan berganicha qolib ketmadi, kurashdi, jamoani ham kurashishga undadi. Va yakunda qozonilgan aqlbovar qilmas g‘alaba mavsumning muhim pallasida butunlay boshqa kayfiyat va immunitetdagi “Barselona”ni dunyoga keltirib qo‘ydi. Ana endi ularni to‘xtatish oson bo‘ladimi? Dargumon.

PS. "Chempion+" gazetasining 2016 yil 11 fevral sonida Luis Enrike haqida “Temir odam” sarlavhali maqola chop etilgandi. Nazarimda, qaytadan e’tiboringizga havola etiladigan fursat hozir.

 

Temir odam

Uning hayoti o‘ziga xos murakkab marafondan, davomli sinovlardan iborat. U har doim shunday sinovlarga bardosh bergan, irodali bo‘lgan va oxir-oqibat uni yengib o‘tgan.

«Sporting Xixon»da o‘zini ko‘rsatgani-yu, so‘ng «Real»ga taklif etilib, egnida Madrid libosi bo‘lsa-da, «Barselona» uning sevimli klubi ekanini yashirmagan Luis Enrike faoliyati davomida qator mashaqqatlarni yengib, o‘z maqsadiga erishganini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. «Sporting»da hujumchi, «Real»da himoyachi, «Barselona»da yarim himoyachi. Asl g‘alabaga erishish uchun shunday uzoq va sinovli yo‘l...

Lucho o‘z falsafasini, hayot yo‘lini shundan qurgani keyinchalik ma’lum bo‘ldi. Futbolni tark etgach, o‘zining temir irodasini yanada toblash maqsadidami yoki mukammallik yo‘lidami, avvaliga Avstraliya­da syorfing bilan (Enrikening ko‘pincha qora ko‘zoynakda yurishining sababi ham shunda — u «syorfingchi ko‘zi», ya’ni pterigiy kasalligini orttirib olgan), keyinchalik dunyoning turli burchaklarida marafoncha yugurish va boshqa murakkab sport turlari bilan shug‘ullanadi. Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan dastlabki musobaqasida 42 kilometr masofani 3 soatu 14 daqiqayu 9 soniyada bosib o‘tadi. Luis Enrike faqatgina marafon bilan kifoyalanmaydi. Parallel ravishda triatlon bilan ham shug‘ullanadi. Frankfurtda o‘tkazilgan IronMan musobaqasida Lucho 3,8 kilometr masofani suvda suzib, 180 kilometrni velosipedda bosib o‘tib va 42 kilometrni yugurib, finishga 10 soat ichida yetib keladi. Bu hali hammasi emasdi. 2008 yili Enrike sahro marafonida ishtirok etishni maqsad qiladi. Musobaqa ishtirokchilari olti kun davomida Sahroi Kabir qumliklarida 250 kilometr masofani, o‘zi bilan barcha zarur narsalar — ovqat, suv, buyumlarni yelkasiga ko‘targanicha bosib o‘tishlari kerak. Lucho aqlbovar qilmas shart va sharoitdagi musobaqada finishgacha yetib boradi.

Kurashuvchanlik, mag‘lubiyatlardan ruhan sinmasdan, qaddini tutib, faqat va faqat olg‘a intilishni o‘zida toblagan Enrike, nihoyat futbolga qaytdi. Murabbiy bo‘lib qayt­di. Uning murabbiylik faoliyati ham xuddi futbolchilik paytidagidek, marafoncha uslubda kechmoqda. Avvaliga «Barsa B»da tajriba orttirdi, so‘ng «Roma» va «Selta»da o‘z strategiyalarini takomillashtirib oldi. Intilishi va tanlagan yo‘li orqali asosiy maqsadiga — «Barselona» bosh murabbiyligiga erishdi. «Barsa»ning hozirgi o‘yinlarini ko‘rgan muxlis va mutaxassislarning ko‘pchiligi bunday hujum triosi bilan istalgan mutaxassis natija ko‘rsatgan bo‘lardi, deb hisoblaydi. Chetdan qaraganda shunday oson. Lekin bu yulduzlarni maydonda birlashtirish, o‘zaro jips­ligini ta’minlashning o‘zi murabbiydan juda ko‘p narsani talab etadi. Yulduzli «Barselona» Gvardiola va Enrike oralig‘ida qanday holatda qolganini ko‘rdik. Yulduzlar ham qat’iyatli murabbiyga muhtoj ekaniga guvoh bo‘ldik.

Luchoning «Barsa»si ham marafoncha uslubda kurashadigan jamoaga aylandi. Mavsum startida kuch saqlanadi, strategiyalar aniq belgilanadi, finish yaqinlashgach, raqiblar birin-ketin ortda qoldiriladi. Bu reja Enrikega birinchi mavsumdayoq imkoniyatdagi olti sovrindan beshtasini qo‘lga kiritish imkonini berdi. Bu kurashda Lucho nafaqat raqiblarni, biroz betartiblashgan ichki muhitni, FIFAning taqiqi va tashqi bosimlarni yenggan holda g‘olib bo‘lganini alohida ta’kidlash kerak. Enrike o‘zi ishlashni istagan, boshqarishni orzu qilgan jamoasi bilan bugun dunyoning eng kuchli murabbiyi bo‘lib turibdi.

Futbolda ibtido va intiho doimo yonma-yon yuradi. Asosiysi, o‘z ortingdan qanday nom qoldirishing. Luis Enrike «Barselona» uchun qanday futbolchi bo‘lganini yaxshi bilamiz. Buning uchun statistikalarni titkilashimiz ham shart emas. Uning so‘nggi uchrashuvini yodga olsak, hammasini tushunib yetamiz. Lucho 2004 yilning 16 mayida «Barsa» sardori sifatida futbol bilan xayrlashdi. Uchrashuvning 54-daqiqasida u almashtirilayotganda, sardorlik bog‘ichini yechishga uringan chog‘i «Kamp Nou» larzaga keladi, muxlislar uning ismini baralla kuylay boshlaydilar. Shu paytda bog‘ichini yechib, maydonni tark etishiga vaziyat yo‘l qo‘ymaydi — to‘p autga chiqmas, o‘yinda ha deganda to‘xtalish bo‘lavermasdi — xuddiki hech kim, hatto taqdir ham uning futbolni tark etishini istamayotgandek edi, go‘yo. Uning o‘rniga tushishi kerak bo‘lgan Mark Overmars ham maydon chetida uzoq kutib qoladi. Bu vaqt oralig‘ida stadionda «Luis Enrike! Luis Enrike!» deya yangragan olqishlar kuchaygandan kuchayardi. Nihoyat, o‘yinda tanaffus yuzaga keldi va Lucho zaxira o‘rindig‘i tomon yo‘l olar ekan, butun «Kamp Nou» o‘rnidan qo‘zg‘aldi, muxlislar tik turganicha uni davomli olqishlashdi. Raqib jamoa ham olqishlarga qo‘shildi. «Barsa» futbolchilari birin-ketin uning oldiga yugurib kelib, sardorga o‘z hurmati va minnatdorchiliklarini bildirishdi. Qat’iyatli Enrike bunday baxtdan o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslikka harchand urinmasin, baribir o‘zini ko‘z yoshdan tiya olmagandi.

…Uchrashuv tugab, ulkan stadionni muxlislar tark etib bo‘lishgan. Tribunalarda esa jamoa sardori uchun turli tilaklar bitilgan bannerlar, plakatlar osig‘lig‘icha turardi. Ulardan birida shunday oddiy jumla bor edi: «Hammasi uchun rahmat!»

Enrikening futbolchilik davrida uzoq kutgan eng katta g‘alabasi shu edi. U murabbiylik faoliyatida ham deyarli shu yo‘ldan ketyapti. Bu «marafon»­da ham finishni yana xuddi shunday bosib o‘tishiga, shaxsan men ishonaman.

Lutfullo TURSUNOV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 22:49, 11.03.2017.
O'qildi: 12292 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.