Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Aspilikueta - kamtarin «aristokrat»

Aspilikueta - kamtarin «aristokrat»

Baho:
+ | -

U fantastik gollari yoki sermahsulligi bilan maqtana olmaydi. Lekin chempionlik mavsumini to‘liq o‘tkazdi - 38ta uchrashuvning barchasida «qo‘ng‘irog‘idan-qo‘ng‘irog‘igacha» to‘p surdi. Bir daqiqaga bo‘lsada o‘rnini hech kimga bo‘shatib bermadi! «Chelsi» himoyachisi Sesar Aspilikueta ana shunday ko‘rsatkichga ega.

«Muxlislar menga ko‘pincha sen endi ispan emas, ingliz o‘g‘lonisan, deyishadi», - deydi Sesar hayron bo‘lib. qisqa vaqt ichida ingliz tilini o‘zlashtirgan Aspilikueta London hayotiga moslashdi. Ovqatlanishda ham ingliz an’analariga to‘liq rioya qilishga odatlandi. Buni qarang­ki, hamma narsa niyatga yarasha, deganlaridek, unga Angliyada keng tarqalgan taxallus - Deyvni loyiq topishdi. Aspilikueta iborasini talaffuz qilishga qiynalgan futbolchilar ispaniyalik jamoadoshlarini shunday chaqira boshlashdi. Chunki ular bir kuni avtobus haydovchisi Deyvni chaqirganlarida Sesar javob qaytargandi. Shundan keyin Deyvga aylandi.

Mashg‘ulotlarda ko‘pincha Diyego Kos­ta bilan muomala qiladi, bo‘sh vaqtlarida London bilan tanishishiga ko‘maklashardi. Sesarning o‘ziga esa Xuan Mata shaxsiy haydovchi va hamroh sifatida yaqindan yordam bergan. «Uni bemalol London bo‘yicha malakali gid deyish mumkin. Sayr qilmoqchi yoki ovqatlanmoqchi bo‘lsam, darhol shunga mos joyni topardi», - deydi Aspi. «Ko‘klar»ning boshqa o‘yinchilari bilan u Kobxemda asosan ispan tilida so‘zlashardi. Ma’lumki, Jirkovning u yerdagi faoliyati kursi ustida tik turgan holda an’anaviy qo‘shiq kuylashdagi omadsizlik bilan boshlangandi. Bu borada Sesarning omadi keldi, garchi o‘zini dunyodagi eng noshud qo‘shiqchi hisoblasa ham. «Ayrim jamoadoshlarim qo‘shig‘im kuyiga mos tarzda raqs­ga tushgan bo‘lsalarda, ma’nosini umuman tushunishmagan. O‘shanda yo‘lakdagi sohibjamolga mahliyo bo‘lib yo‘ldan chiqib ketgan haydovchi haqida xirgoyi qilgandim», - deya eslaydi himoyachi.

Sesarning «Chelsi»ga transferi uning «Marsel»dagi bir necha harakatlaridan ta’sirlanib ketgan skautning tashabbusini eslatardi. Londonliklar ispaniyalik himoyachini Joze Bosingva o‘rniga mo‘ljallab, 8,8 mln. yevrodan osonlikcha voz kechishdi. Portugaliyalik futbolchi allaqachon zaxira o‘rindig‘iga «mixlanib» qolgandi. Lekin Eshli Koul va Branislav Ivanovich bilan raqobatlashish oson bo‘lmasligi avvaldan tayin edi. Shunga qaramay, himoyachi APLning 27ta uchrashuvida maydonga tushib, debyutantlar me’yorini yuqori darajaga ko‘tardi. Avvaliga tezkorligi evaziga Ivanovichni ortda qoldirdi. Jamoa Joze Mourinyo boshqaruviga o‘tganidan keyin esa Koul ham safdan chiqdi. Umuman, Sesar Aspilikueta - «benazir» orzusidagi futbolchi: xudbinlikdan yiroq, yakkakurashlarda yengilishni istamas, mehnatsevar va charchoq nimaligini bilmasdi. Mashhur murabbiyning e’tirofi bejiz emas: «11 nafar Aspilikuetadan tashkil topgan jamoa YECHLda g‘olib chiqadi. Balki ish penaltilar seriyasigacha cho‘zilar. Lekin baribir, g‘alaba qozonadi!»

Darhaqiqat, Mouning «Chelsi»si tanazzulga yuz tutib, chilparchin bo‘lgan kezlarda ham Aspilikueta o‘zligini yo‘qotmadi. Ivanovichning qanoti pand bergan o‘yinlarda ham Sesar o‘z vazifasini ko‘ngildagidek ado etar, hujumda ham faol edi. Konte ham 4-2-3-1 taktikasini rivojlantirishga urinib ko‘rdi. Ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan so‘ng futbol olamini larzaga solgan o‘zgarishga qo‘l urdi - jamoa 3-4-3 uslubiga o‘tdi. «Menejer mendan bu sxemada o‘ynashga tayyorligim xususida so‘radi. O‘zgarish meni tashvishlantirmadi. Chunki men unga moslasha olishimga shubha qilmasdim. Boisi, o‘ng qanot begona emasdi», - deydi Sesar. Shu tariqa «ko‘klar»da ishonchli himoya triosi yuzaga keldi: Gari Kexillning ustunligi, yakkakurashlarda kuchli o‘ynashi, David Luis kerakli paytda kasbdoshlariga ko‘makka shayligi hamda olis masofalarga uzatmasi bilan ajralib turardi. qahramonimiz esa qisqa «paslar» uchun mas’ul edi. Bu vazifani qahramonimiz ajoyib (APLda 2-o‘rin) darajada uddaladi.

Kontening ko‘pgina o‘ziga xos taktik qurollari Sesar bilan bog‘liq. Masalan, raqib pressingini Kexill bilan hamkorlikda yo‘qqa chiqarish. Ya’ni, o‘z hududiga chorlab, oldinda bo‘shliq hosil qiladi. Oqibatda, «Chelsi» pressingdan chiqqan zahoti samarali hujum uyushtirish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, himoyachi tez-tez Kante va Matich chizig‘iga o‘tib oladi. Bu vaziyatda jamoa avtomatik tarzda 2-3-5 ko‘rinish oladi. Shu pallada Aspining pleymerkerlik mahorati ish beradi. Darvozaga zarba yo‘llash imkoniyatini beradigan uzatmalar bo‘yicha Sesar bilan N~Goloning ko‘rsatkichlari deyarli bir xil - 21ga 22. «Kristal Pelas»ga qarshi uchrashuvda ham Aspining markaziy yarim himoya chizig‘ida dadil yurishi Diyego Kostani samarali uzatma bilan ta’minlash imkonini bergandi.

Ha, Aspilikuetaning harakat va uzatmalarini ko‘pchilik muxlislar sezishmaydi. Aynan shu arzimas sabablar tufayli «Chelsi» shohsupaga muddatidan avval ko‘tarildi. Jamoaning to‘xtovsiz harakatda bo‘lishida ispaniyalik himoyachining ulushi katta. Uning markaziy yarim himoyachi va hujum chiziqlariga uzatgan to‘plari jamoadoshlarini yanada yuqori tezlikda o‘ynashga undardi. To‘g‘ri, Aspi reydga otlanganida uning hududi himoyasiz qolgandek tuyuladi. Bu xavfni bartaraf etishga Kexill doimo shay turardi. Himoya ilmining bilimdonlaridan biri bo‘lmish Gari Nevillning mulohazasiga e’tibor bering: «Texnik mahorat bobida Aspilikueta APLning eng yaxshi futbolchisi. Uch yildan beri juda ishonch­li to‘p surmoqda». Ta’kidlash joiz, Antonio Konte oddiy usullardan samarali foydalanish orqali «ko‘klar»­ni Angliyaning eng kuchli jamoasiga aylantirdi. Muvaffaqiyatga bag‘ishlangan bazmda murabbiy ispaniyalik shogirdining xizmatlari xususida alohida to‘xtalib o‘tdi: «O‘z rolini a’lo darajada bajaradigan futbolchi, dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri, desam xato qilmayman».

Sesarning o‘yinlariga yuksak baho bergan mutaxassislar APLning yil futbolchisi sovriniga da’vogarlar ro‘yxatidan joy berishdi. Asosiysi - «Chelsi»ning chempionligi va o‘zining tengsizligi: himoyachi mavsumning barcha uchrashuvlarida to‘liq ishtirok etdi. Hatto bir daqiqa bo‘lsada tin olmadi! Chempionlik taqdirini hal qilgan «Vest Bromvich»ga qarshi bahsda uning samarali uzatmasi evaziga Mishi Batshuayi g‘alaba to‘pini darvozaga yo‘lladi. «Uotford» bilan bo‘lgan bellashuvda esa Aspi o‘zining mavsumdagi dastlabki golini nishonladi. Vaholanki, Konte uni yana bir marta Sesar uchun odatiy bo‘lmagan pozisiyaga tushirgandi. Taajjubki, shogirdi bu chiziqda ham ajoyib o‘yin ko‘rsatdi.

Kim biladi deysiz, ehtimol murabbiy himoya­chining ishonchli o‘yinlarini kuzata turib endi darvoza chizig‘ida sinab ko‘rish haqida o‘ylayotgandir? Balki jamoaga 11 nafar Aspilikuetalarni jalb etishning imkoni yo‘qligidan afsusdadir? Nima bo‘lganda ham, u ispaniyalik shogirdining xizmatlariga yuksak baho berdi: «Ixtiyorimda shunday baquvvat, mehnatsevar va aqlli shogirdim borligi bilan faxrlanaman!».

Sesar  Aspilikueta

Jamoasi: «Chelsi»

Ampluasi: himoyachi

To‘p surgan jamoalari: «Osasuna», «Marsel»

Erishgan natijalari: Fransiya chempioni, Angliyaning ikki karra chempioni, APLda mavsumning eng yaxshi himoyachisi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:12, 01.06.2017.
O'qildi: 3601 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.