Gabonlik yulduz o‘zini allaqachon “Real” safida o‘zini his etmoqda. Xo‘sh, “Borussiya”da unga nima kamlik qilyapti?
“Birinchi sen noming uchun ishlaysan, keyin noming sen uchun ishlaydi” degan so‘zlar ko‘p marotaba o‘z tasdig‘ini topgan. Ammo bu nomni “Borussiya” hech ham ishlab topa olmayapti. Oxirgi besh yil ichida dortmundliklar 2 marotaba Bundesliga chempioni, 3 marotaba kumush medal sohibi, bir marotabadan Germaniya kubogi, Superkubogini qo‘lga kiritib, Chempionlar ligasining finaligacha yetib borishdi. Bir nechta yosh futbolchilarni yulduz darajasiga chiqardi, yuqori darajadagi murabbiyni o‘z jamoasida bir necha mavsum ushlab turdi va muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari oldingidan kuchaydi. Xullas, “Top klub” nomini olish uchun nimalar qilmadi.
Bularning hammasi kamlik qildi. Ayniqsa, hozirgi asosiy yulduz Pyer-Emerik Obameyangdek o‘yinchiga. “Albatta, biz top klubmiz, ammo “Real”, “Barselona” yoki “Bavariya” emas. Agar men yangi cho‘qqilarni zabt etmoqchi bo‘lsam, yozda ketishim kerak. Agar yuqori darajada harakat qilishni xohlasangiz, boshqa klubga o‘tasiz”, – Obameyangning fevral oxirida aytib o‘tgan bu gaplaridan dortmundliklar bilan xayrlashayotganini sezsa bo‘ladi.
Obameyangni hech kim klubda saqlab qolishga urinmasa ham kerak. Shuning uchun ham uning o‘rniga hozirdan o‘rinbosar qidirish lozim. Dortmundliklar safida bir necha yosh o‘yinchilar yangi Kagava, yangi Gyotse, yangi Shahin va yangi Levandovski bo‘lishga shay turibdilar. Ammo Pulishich, Passlak, Dembele, Vaygl va Mor kabi yosh o‘yinchilar orasida yaqqol hujumchi vazifasini bajaruvchi o‘yinchi hali yo‘q. Qishda jamoani tajribali Adrian Ramos tark etdi. Uning o‘rniga yosh, umidli Aleksander Isak sotib olindi. Yosh hujumchi hozirdanoq yangi “Ibragimovich” degan nomni olib, o‘z vatanida yulduz bo‘lib ulgurgan. Biroq Isak keyingi mavsumdan Perning o‘rnini bosishga yoshlik qilsa kerak. Shunday ekan, “Borussiya” iloji bo‘lsa Obameyangning transferidan tushgan katta pulga yaxshiroq top futbolchi sotib olishga harakat qiladi. Bu “Torino”da tinmay gol urayotgan Andrea Belotti bo‘lishi ham mumkin. Uning o‘yin uslubi Levandovskiga o‘xshash bo‘lganini hisobga olsak, dortmundliklar, albatta, harakat qilib ko‘rishadi.
Yana bir nomzod “Atletik” jamoasidan Inyaki Uilyams. U o‘yin jihatidan Perga juda o‘xshab ketadi. Tezkor, texnikasi baland, o‘ziga vaziyat yarata oladigan.
Obameyangni nima kutmoqda?
Obameyang hech qachon “Bavariya” jamoasida to‘p surmasligini aytgan, “Barselona”da esa Suarezdek hujumchini asosiy tarkibdan chiqarish mushkul ish. Kataloniyaliklar zahira o‘rindig‘ini kuchaytirish uchun katta pul sarflashga borishmasa kerak. Birgina variant bu — “Real”. Albatta Ronaldu va Beyl kabi hujumchilar bilan tezlikni yanada oshirishi mumkin, biroq Abbaning o‘yin uslubi to‘g‘ri kelarmikin? Eng yomoni, “Real” ayni damda Obameyangga unchalik ham oshiq emas. Qolaversa, uni Benzema bilan taqqoslaganimizda ko‘p narsalarda Benzema ustun kelmoqda. Benzema ko‘proq jamoaviy o‘yin tarafdori bo‘lsa, Per pas bilan o‘ynashda katta muammoga ega. “Real”da yana Morata degan hujumchi ham bor. U ikkinchi marotaba “qirollik klubi” safiga o‘ynashga munosib ekanligini isbotlash harakatida. Florentino Peres Benzemaga yangi shartnoma taklif qilish niyatida ekanligini hisobga olsak, Perning Madridga o‘tishi hali aniq emas.
Hali bu tarix ko‘p davom etish ehtimoli katta. Chunki Pyer Dortmunddan ketish uchun qo‘lidan keladigan barcha ishni qilishga tayyor. Ular safida qolish ehtimoli juda past. Xullas, Obameyang yoki top klub jamoa safiga o‘tib, yuqori darajadagi o‘yinchi ekanini isbotlaydi, yoki raqobatni boy berib, “Borussiya” safida bir paytlar to‘p surgan hujumchi sifatida esda qolib ketadi.