Qatar yulduzlar ligasining bu yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, ikki hamyurtimiz - Sanjar Shoahmedov va Temurxo‘ja Abduxoliqov to‘p surayotgan «As-Sayliya» klubi chempionatni 31 ochko bilan 8-o‘rinda yakunladi.
Jamoa 26ta o‘yinning 8tasida g‘alabaga erishdi. Shuningdek, 7ta durang va 11ta mag‘lubiyat qayd etdi. Mavsum o‘rtalarida «As-Sayliya» safiga borib qo‘shilgan hamyurtlarimiz o‘z o‘yinlari bilan jamoaning kichik muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shishdi.
Temurxo‘ja to‘purarlik mahoratini namoyish etdi. Sanjar esa maydon markazi va hujumchi orti pozisiyasidagi tezkor harakatlari bilan ajralib turdi. Chempionat yakunlangach, har ikki futbolchimiz Toshkentga qaytishdi va ma’lum bir muddat bo‘lgach, yana qatarga qaytishdi.
Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Temurxo‘ja Abduxoliqov va Sardor Rashidov 21 may kuni TTYMI stadionida o‘tgan terma jamoamiz ishtirokidagi nazorat uchrashuvida maydonga tushishlari kerak edi. Lekin legioner futbolchilarimiz zudlik bilan Qatarga uchishgan. Biz Temurxo‘ja bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik.
- Temurxo‘ja, bilishimizcha, Toshkentda terma jamoamiz ishtirokidagi nazorat uchrashuvida maydonga tushishingiz kerak edi. Lekin so‘nggi pallada qatarga jo‘nab ketdingiz. Bunga yetarlicha asos bor edimi?
- Terma jamoa murabbiylari futbolchilarda o‘yin amaliyoti bo‘lishi uchun ushbu o‘rtoqlik o‘yinini tashkil qilishgan edi. Lekin 20 may kuni qatar yulduzlar ligasining yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda qatnashishim kerakligi uchun Doxaga yetib keldim.
- Yig‘ilish qanday o‘tdi? Unda qaysi jihatlar muhokama qilindi? Legionerlarga, xususan, sizga bog‘liq masalalar ham bormidi?
- Turli nominasiyalar bo‘yicha yilning eng yaxshilari aniqlandi. Menga bog‘liq hech qanday masala yo‘q edi. Lekin o‘sha yig‘ilishda hamma futbolchilarning qatnashishi shart ekanligini aytishgandi.
- O‘z klubingizda ham mavsum yakunlari muhokama qilindimi?
- Ha, albatta.
- Unda jamoaning ishtiroki qanday baholandi?
- Salbiy baho berildi. «As-Sayliya» mavsumni yomon o‘tkazgani aytildi. 8-o‘rin jamoa uchun qoniqarsiz ekanligi ta’kidlandi. Yangi mavsumda natijani yaxshilashimiz shart.
- Siz mavsum o‘rtasida jamoa safiga borib qo‘shildingiz. Demak, mavsum avvalida klub oldiga yuqori o‘rinlar uchun kurashish vazifasi qo‘yilgan ekanda?
- Xuddi shunday bo‘lgan. Jamoa oldiga kuchli beshlikka kirish vazifasi qo‘yilgandi. Mavsum yakunida egallagan o‘rnimiz qoniqarsiz ekanligini klub rahbariyati aytmasa ham buni o‘zimiz bildik.
- Ijobiy natija qayd etish uchun nima yetishmadi? Yoki yulduzlar ligasida raqobat kutilganidan ham kuchli bo‘ldimi?
- Men jamoa tarkibida 10ta o‘yin o‘tkazdim. Klub birinchi davrada ham keragidan ortiqcha ochko yo‘qotib ulgurgan edi.
- Futbolchi o‘z o‘yiniga baho berishi unchalik to‘g‘rimasdir, lekin umumiy olganda, siz va Sanjar Shoahmedov yomon taassurot qoldirmadinglar. Bizningcha, yangi muhit va chempionatga moslashish qiyin kechmadi, shundaymi?
- Yo‘q, biz uchun baribir, boshida qiyinroq bo‘ldi. Yangi mavsumda bizdan, xususan, mendan yanada ko‘prog‘ini kutishadi.
- qatarda o‘tgan mavsum sizda qanday taassurot qoldirdi? Chempionat saviyasi yulduzlar ligasi nomiga munosib ekanmi?
- Chempionat legionerlar hisobiga kuchli. Haqiqatan ham, jamoalar tarkibida yuqori saviyadagi futbolchilar bisyor. Bu borada birgina Xavini eslash kifoya.
- Endigi rejalar qanday? qachongacha ta’til berishdi?
- Iyul oyi o‘rtalarigacha dam olamiz.
- Ta’tilni Toshkentda o‘tkazasizmi?
- Xuddi shunday.
- Demak, shartnomaga ko‘ra, Siz va Sanjar yangi mavsumda ham qatar chempionatida o‘ynaysizlar, shundaymi?
- «Al-Sayliya» bilan yana bir yillik kelishuvimiz bor. Shartnomaga ko‘ra, yangi mavsumda ham jamoa sharafini himoya qilamiz.
- Boshqa klublardan takliflar bo‘lmadimi?
- Yo‘q.
- «As-Sayliya»ning ishtiroki qoniqarsiz baholanganini aytdingiz. Shu nuqtai nazardan, jamoada bosh murabbiy almashmadimi?
- Murabbiyimiz o‘z lavozimida qoldi.
- Qatar chempionatida to‘p surayotgan boshqa futbolchilarimiz bilan gaplashmadingizmi? Ular ham yangi mavsumda yulduzlar ligasida o‘ynashadimi?
- Menimcha, Sanjar Tursunov jamoasida qoladi. Rashidov masalasida bunday fikr bildira olmayman. U o‘zi uchun eng yaxshi variantni tanlaydi.
- Darvoqe, «Al-Jaish» va «Laxviya» klublari birlashdi, ular sovrinli o‘rinlar uchun kurashishgandi. Shaxsan siz uchun bu kutilmagan holat bo‘ldimi? qatarda mazkur o‘zgarishni qanday qabul qilishdi?
- Aslida, ilk bor qatarga borgan paytimdayoq ayni mavzuda turli mish-mishlar yurgandi. Shu sababli ham, mavsum yakunida bu ma’lumotni rasman tasdiqlashganida, hayron qolmadim.