Kirish Ro'yxatdan o'tish
25/06 00:00 Albaniya 0-1 Ispaniya
25/06 00:00 Xorvatiya 1-1 Italiya
25/06 03:00 Kolumbiya 2-1 Paragvay
25/06 06:00 Braziliya 0-0 Kosta-Rika
25/06 20:00 Olimpik 2-0 Surxon
25/06 21:00 Fransiya 1-1 Polsha
25/06 21:00 Niderlandiya 2-3 Avstriya
26/06 00:00 Angliya 0-0 Sloveniya
26/06 00:00 Daniya 0-0 Serbiya
26/06 03:00 Peru 0-1 Kanada
26/06 06:00 Chili 0-1 Argentina
26/06 20:00 Andijon - Navbahor
26/06 20:00 Metallurg - Nasaf
26/06 21:00 Slovakiya - Ruminiya
26/06 21:00 Ukraina - Belgiya
27/06 00:00 Chexiya - Turkiya
27/06 00:00 Gruziya - Portugaliya
27/06 03:00 Ekvador - Yamayka
27/06 06:00 Venesuela - Meksika
27/06 20:00 Neftchi - Lokomotiv
27/06 20:00 Paxtakor - Bunyodkor

Azizbek Haydarov: «Imkoniyat bor ekan, kurashaveramiz» (intervyu)

Azizbek Haydarov: «Imkoniyat bor ekan, kurashaveramiz» (intervyu)

Baho:
+1 | -

Yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Azizbek Haydarov oz emas, ko‘p emas, naq 6 yil faoliyat yuritgan BAAning «Al-SHabab» klubini tark etgandi. Shundan so‘ng ko‘p vaqt ishsiz qolmadi: qisqa muddat ichida BAA pro-ligasiga qaytgan «Ajman» klubi bilan bir yillik shartnoma imzoladi. Mazkur kelishuv amalga oshgach, futbolchimiz Toshkentga qaytib keldi. Biz ushbu fursatdan foydalanib, Azizbekdan eksklyuziv intervyu oldik.

- Martning so‘nggi kunlari terma jamoa yig‘ini sabab Toshkentga kelgandim, - deya so‘z boshladi A.Haydarov. - O‘shandan keyin mana, yana shu yerdaman. Bu safar ham ta’til, ham terma jamoa yig‘ini sabab ona Vatanga qaytdim. BAA chempionati yakunlanganidan so‘ng orada bir muddat o‘yin amaliyotisiz qolib ketdim. Shu sababli ham terma jamoa yig‘ini boshlangunicha Toshkentning «Lokomotiv» klubi mashg‘ulotlarida ishtirok etyapman. Bu yerda mendan tashqari Server Jeparov va Temurxo‘ja Abduxoliqov ham sport formasini ushlab turish maqsadida birga shug‘ullanishyapti. Mana, bugundan (suhbat 30 may kuni uyushtirilgan, - muallif) terma jamoa ixtiyoridamiz. Ertadan Tailand terma jamoasiga qarshi o‘tkaziladigan o‘rtoqlik uchrashuviga to‘laqonli tayyorgarlik mash-g‘ulotlari boshlanadi.

- Eronga qarshi kechadigan uchrashuvda ochko yo‘qotishga haqqimiz yo‘q. Bundan avval ham «Ozodi» stadionida o‘ynagansiz. Bunday mahobatli arenada harakat qilish mehmon jamoa futbolchilariga qay darajada qiyinchilik tug‘diradi?

- Ha, o‘ziga yarasha salobat bosadi. Lekin bizni g‘alabadan o‘zga natija qoniqtirmaydi. JCH-2018ga chiqish haqida o‘ylayotgan ekanmiz, bu o‘yinda 3 ochkoni qo‘lga kiritishimiz shart. Shu o‘rinda bir narsani tan olishni xohlardim. So‘zlarim kimgadir og‘ir botishi mumkin, lekin men hamisha haqiqatni gapirishga intilaman. Tasavvur qiling, biz Eron termasini mag‘lub etdik va yakunda JCH-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik. Lekin ayni payt mundialda o‘ynashga tayyormizmi? Juda ko‘p jamoalar JCHga chiqadi. O‘z vaqtida KXDR, Saudiya Arabistoni kabi termalar mundialda ishtirok etdi. Lekin ular muntazam ravishda JCHda o‘ynamaydi-ku! Qandaydir omad tufayli yo‘llanmani qo‘lga kiritib oladi va keyin bir necha 10 yil ko‘rinmay ketadi. JCH-2014 final bosqichiga chiqishimiz uchun bizga omad yetishmagandi. Ikkita  gol bizni mundialdan mosuvo qilgandi. Har safar bizda, muxlislarimizda «Termamiz JCHga chiqa olarmikan, bu safar orzumiz ro‘yobga chiqarmikan?», degan savollar bo‘lmasligi lozim. Jamoa kuchli va raqobatbardosh bo‘lsa, hammamizda ishonch tug‘iladi. O‘z-o‘zidan bunday savollarga ham o‘rin qolmaydi. Muxlislar, yaqinlarim, rahmatli otam ham «Qachon JCHga chiqasizlar?», degan savolni juda ko‘p berardilar. Insonlar o‘zi shunday-da, avval yo‘llanmani qo‘lga kirit, deydi, keyin esa mundialning final bosqich o‘yinlarida g‘alaba qozonishni talab qiladi. Aytmoqchimanki, poydevor mustahkam bo‘lishi shart. Keyingi avlod futbolchilari ham JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga tayyor turishlari lozim. Bir marta JCHga chiqib, keyin bunday imkoniyatni yana 50 yil kutish to‘g‘ri emas. Bu shaxsiy fikrim. Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya, Eron termalari so‘nggi 10 yillikni olsak, deyarli muntazam ravishda mundiallarda ishtirok etib kelishyapti. «Nimaga?» degan haqli savol tug‘iladi. Chunki bu mamlakat futbolida barqarorlik bor. Terma jamoasining poydevori mustahkam, ichki chempionati esa kuchli. Turli yoshdagi terma jamoalari ham muntazam ravishda jahon chempionatlari final bosqichida qatnashib kelishyapti. Ertaga bu yoshlar o‘z mamlakatlarining milliy terma jamoalari safida ham munosib tarzda o‘ynay olishadi. Achchiq bo‘lsada aytaman, bizda hozircha bunday emas. Eron, Koreya, Yaponiya kabi qit’amizning kuchli terma jamoalariga qarshi kechadigan o‘yinlarda gol urarmikanmiz, degan xayolda bo‘lamiz. Nima uchun hozir nomi sanab o‘tilgan jamoalarni bemalol yuta olmaymiz? Chunki bizda mustahkam poydevor yo‘q. Bundan 4-5 yil avval o‘smirlarimiz ham, yoshlarimiz ham JCH final bosqichiga chiqardi. So‘nggi bir-ikki yilda bunday bo‘lmayapti. Milliy jamoamizning 4 yil avvalgi tarkibi hozir deyarli o‘zgarmagan. O‘shanda 14 ochko bilan JCH-2014ga chiqa olmagandik. Bu safargi saralashda guruhlarda jamoalar soni bittaga ko‘paygan. Raqiblardan ochko tortib olish qiyin kechyapti. Albatta, mazkur holatda murabbiyning ham juda katta ishi bo‘lishi kerak. Bu saralashning hal qiluvchi bosqichida ularning mahorati birinchi darajaga chiqadi. Taktikalar kurashida qaysi mutaxassis kuchli bo‘lsa, uning jamoasi muvaffaqiyat qozonadi. To‘g‘ri, maydonda futbolchi harakat qiladi, lekin hamma narsa ham unga bog‘liq emas. Masalan, Portugaliya terma jamoasini olaylik. Ronaldu jamoadoshlari nimaning evaziga Yevropa chempioni bo‘lishdi? Albatta, murabbiyning mahorati sabab o‘z maqsadlariga erishishdi. Qolaversa, omadga ham bog‘liq joyi bor. JCH-2014 saralashida Erondan kuchli edik, lekin omad bizga kulib boqmadi. Asosiy raqibni mag‘lub etyapmiz-u, lekin mundialga bizdan yengilgan jamoa chiqyapti. Misol uchun, Suriyaga qarshi kechgan o‘yinda mag‘lubiyatga uchradik. Vaholanki, o‘sha bahsda kamida bir ochko naqd edi.

Hujumga berilib ketish natijasida bitta qarshi hujumni o‘tkazib yubordik va buning natijasida darvozamizga so‘nggi daqiqada penalti belgilandi. O‘sha bir ochko biz uchun juda ham zarur edi. Ishqilib, Malayziyada olinmagan bir ochko bizga yetmay qolmasinda, shunisidan qo‘rqaman. Yana Eron bilan Tehronda bo‘lib o‘tadigan o‘yinga qaytaman. Safarda bu jamoani mag‘lub etishning hecham iloji yo‘q, demoqchi emasman. Bundan avvalgi saralashda ham Eron maydonida 3 ochkoni qo‘lga kiritganmiz. Bu ishni yana bir bor takrorlashimiz mumkin. Lekin ayni payt Eron bizdan ham kuchliroq, ham omadliroq ko‘rinyapti. Hali o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormadi. Murabbiyi Karlush Keyrush ham mana 5-6 yildan beri ishlab kelyapti. Futbolchilar bir-birini juda yaxshi tushunib harakat qiladi. Agar Tehronda to‘g‘ri taktika tanlanib, o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olsak, g‘alabaga erishishimiz mumkin. Eron o‘z maydonida o‘ynaydimi, mehmondami, himoyaviy futbol namoyish etadi. Raqib nisbatan kuchsizroq bo‘lsa ham himoyadan o‘ynaydi. O‘ylashimcha, shundan kelib chiqqan holda o‘yinga to‘g‘ri taktika tanlab, Eronni mag‘lub etishimiz shart. Bu yil 32 yoshga to‘laman. Kerak bo‘lsa, hozir o‘z o‘rnimni yosh futbolchilarga bo‘shatib berishga tayyorman. Hozir o‘z pozisiyamda eng yaxshi futbolchiman, shuning uchun maydonga tushyapman, demoqchi emasman. Internetda chop etilgan xabarlar ostida muxlislar tomonidan yozilayotgan fikrlarni erinmay o‘qib chiqaman. Aziz qachon terma jamoadan ketadi, qabilidagi gap-so‘zlarga duch kelaman. Men hoziroq ketishga roziman va bunga tayyorman. Lekin murabbiy «Senga ishonyapman», deb tursa, «Yo‘q, menga ishonmang», demayman-ku! Futbolchi oyog‘i yurishdan to‘xtagunicha to‘p tepgisi keladi. Menda ham xuddi shunday istak bor. Muxlislarni to‘g‘ri tushunaman. Ular chin yurakdan muxlislik qilganliklari uchun ham terma jamoani tezroq jahon chempionati final bosqi-chida ko‘rishni xohlashadi. Maydondagi harakati uchun futbolchini koyiydi, lekin ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolsa, salomlashadi. Muxlislar shunday talabchan bo‘lishadi. Keling, yaxshi niyat qilaylik. Shu safar jahon chempionatiga chiqaylik va bu bilan muxlislarning orzusini ro‘yobga chiqaraylik. Darvoqe, futbolga bo‘lgan e’tibor va qarashni o‘zgartirish kerak. Fikrimni Belgiya misolida tushuntirishga harakat qilaman. Bu mamlakatda milliy terma jamoaning ishlari orqaga keta boshlaganidan so‘ng xususiy akademiyalarga urg‘u qaratildi. Turli yosh toifasidagi futbolchilar bir vaqtning o‘zida ham xususiy, ham klublar qoshidagi akademiyalarda tahsil olishni davom ettirishdi. Buning natijasida kuchli raqobat yuzaga keldi. Bu esa o‘z mevasini bermasdan qolmadi. Bugunga kelib Belgiya futbolining oltin avlodi shakllangan, desam yanglishmayman. O‘z vaqtida ular Yevropa chempionatiga mezbonlik qilishgandi. O‘sha qit’a chempionatidan kelib tushgan mablag‘ to‘laligicha mamlakat futboli rivojiga sarflandi. Aytib o‘tganimdek, xususiy akademiyalarga e’tibor qaratildi. Bizda ham shu usulni qo‘llash kerak. Lekin bilishimcha, mamlakatimizda xususiy akademiya jamoalari shahar chempionatlariga qo‘yilmaydi.

- Xuddi siz aytayotgan holat BAAda qanday yo‘lga qo‘yilgan?

- Amirliklarda har bir jamoaga davlat byudjetidan pul ajratiladi. Homiylar ham o‘z tomonlaridan ma’lum miqdorda mablag‘ berishadi. Ochig‘ini aytaman, BAAning mahalliy futbolchilari bizning o‘yinchilardan kuchli emas. «Al-Ayn» yoki BAAning bosh-qa klublari OCHL doirasidagi uchrashuvlarda bizning jamoalarni Toshkentga kelib mag‘lub etib ketishadi. Lekin bu ularning futbolchilarimizdan ustunligini ko‘rsatmaydi. Biznikilar individual tarzda juda kuchli. Faqat futbol haqida o‘ylashadi. Amirliklarda o‘ynayotgan mahalliy futbolchilarning boshqa kasbi ham bor. Futboldan keyin o‘z ishi bilan shug‘ullanadi. Klublari asosan legionerlarga suyanadi. Ayniqsa, OCHL yo‘llanmalari uchun kurashadigan jamoalar bunga jiddiy e’tibor qaratadi. Saviyasi yuqori legionerlarni xarid qiladi. Mahalliy futbolchilar esa aynan legionerlardan o‘rganadi. O‘z vaqtida mamlakatimizga Rivaldo, Skolari, Ziko kabi dunyo tan olgan futbolchi hamda murabbiylar kelishdi. Biz ulardan ozmuncha futbol sir-asrorlarini o‘rgandikmi? Har bir mashg‘ulotiga chiqqaningizda nimanidir o‘rganasiz. Chunki ular bizdan 100ta ko‘ylak ko‘p yirtgan. Agar «Paxtakor», «Bunyodkor», «Lokomotiv», «Nasaf», «Dinamo», «So‘g‘diyona» kabi jamoalar saviyasi yuqori legionerlarni olib kelishsa, raqobat keskin oshib ketadi. Buning natijasida terma jamoamizda ham o‘sish ko‘zga tashlanadi.

- O‘zbekiston chempionatini ham kuzatyapsizmi?

- Albatta, joriy mavsum bahslarini miriqib tomosha qilyapman. Toshkentda o‘tgan bir nechta uchrashuvlarni stadiondan ko‘rdim. O‘zgarish juda ham katta. Kutilmagan natijalar qayd etilyapti. Masalan, kubok doirasidagi «Paxtakor»-«Nasaf» uchrashuvini olaylik. Qarshilik futbolchilar namoyish etgan o‘yin menda juda iliq taassurot qoldirdi. «Qo‘qon-1912», «Navbahor» jamoalari ko‘rsatayotgan o‘yinlar sabab muxlislar yana stadionga qayta boshlashdi. Namangandagi arenaga ba’zan muxlis sig‘may qolyapti. O‘z navbatida, o‘yinlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiyasiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Misol uchun, «Qo‘qon-1912» tarkibida qaysidir futbolchi so‘nggi o‘yinlarda juda yaxshi taassurot qoldiryapti. Lekin buni xalq bilmaydi. Terma jamoa murabbiylari ko‘ra olmaydi. Agar translyasiya bo‘lganida, barcha buning guvohiga aylanardi. «Qizilqum» muxlislari nega Aziz Haydarovni chaqirasan, bizning klubda falonchi futbolchi zo‘r o‘ynayapti, deyishi mumkin. Buni misol tariqasida aytyapman. Ammo o‘sha futbolchini faqat navoiylik muxlislar ko‘rishyapti.

- «Al-SHabab»da 6 yil o‘ynadingiz. Har qanday legioner orzu qilsa arziydigan ko‘rsatkich. Ortga nazar tashlab, xulosalaringiz qanday bo‘ldi?

- Hayot davom etadi. «Al-SHabab»da hayotimning 6 yili o‘tdi. Shu paytgacha hech bir jamoada shuncha muddat o‘ynamagan edim. Qadrdon uyimdek bo‘lib qolgandi. Ha, ketish oson bo‘lmadi. Lekin vaziyat shuni taqozo etdi. Shartnoma ham taklif qilishdi, keyin ozgina ishni cho‘zish holatlari ko‘zga tashlandi. Kutib yurgandan ko‘ra bir qarorga kelib qo‘ya qoldim. Chempionat yakunlanishi bilan «Ajman»dan tushgan taklifni har tomonlama o‘rganib chiqqach, shartnoma imzoladim. Shartnoma 1+1 ko‘rinishida bo‘lib, kelasi mavsum yana uzaytirishim mumkin. Yangi klubimda ham tanish futbolchilar ko‘p. Hatto, o‘zim bilan birga «Al-SHabab»da to‘p surgan bir legioner bor. O‘ylashimcha, o‘zim uchun to‘g‘ri yo‘lni tanladim. Chunki men shartnoma imzolaganimdan 4 kun o‘tib, BAAda qaror chiqdi. Unga ko‘ra, «Al-SHabab», «Al-Ahli» va «Dubay» klublari yagona jamoa sifatida birlashtirildi. Klubsiz qolib ketmaganimdan xursand bo‘ldim. Odamlarining ham ko‘ng­li ochiq. Qolaversa, o‘zim uchun yangi muhit yaratdim. Balki bu o‘yinimda tub burilish yasar, o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlarman?! «Al-SHa-bab»dagi faoliyatim davomida menda bosiqliq paydo bo‘lgandi. Endi esa vaziyat o‘zgardi. To‘g‘ri, moliyaviy tomondan biroz yutqazdim. «Al-SHa-bab»dagi maoshni bu yerda ololmayman. Lekin nolishga ham haqqim yo‘q.

- Raqam tanladingizmi?

- Futbolchilik faoliyatimning ilk yillari 4-raqam ostida o‘ynaganman. Keyin «Lokomotiv»da «7»ni berishdi. «Bunyodkor»da ham yarim yil shu raqam ostida o‘ynadim va keyinchalik «26»ni tanladim. Keyin yana 3 yil «qaldirg‘ochlar» safida 7-raqamda harakat qildim. «Al-SHabab»da ham bu an’anani begona qilmadim. Baxtimga «Ajman»da ham «7» bo‘sh ekan. Doimo shu raqamga mos o‘yin ko‘rsatib yuraveraylik.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:25, 06.06.2017.
O'qildi: 4125 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.